35 dollarlik Raspberry Pi 3 mini kompyuteri savdoga chiqarildi

35 dollarlik Raspberry Pi 3 mini kompyuteri savdoga chiqarildi

Yangi talqindagi Raspberry Pi 3 mini kompyuteri savdoga chiqarildi. Bundan roppa-rosa to‘rt yil muqaddam esa ilk bor shu turdagi kichik kompyuter — Raspberry Pi Model B namoyish etilgan edi.

Raspberry Pi 3 ning avvalgi talqinidan eng asosiy farqli jihati — unga Wi-Fi va Bluetooth modullarining o‘rnatilganidir. Bungacha ularni alohida sotib olish talab etilardi. Internetga esa Raspberry Pi Ethernet orqali ulana olardi.

Raspberry Pi 3 ga 64 bit, 1,2 GGs chastotali ARM Cortex-A53 protsessori o‘rnatilgan (avvalgi talqinida protsessor chastotasi 900 MGs bo‘lgan). Tezkor xotira hajmi o‘zgarishsiz qoldi — 1 gigabayt. Shuningdek, kompyuterda to‘rtta USB 2.0 porti, 3,5 millimetrli audio chiqish sloti, HDMI, displey va kameralarga ulanadigan interfeyslar (DSI va CSI) mavjud. Elektr ta’minoti esa 5 voltli Micro-USB`li adapter orqali amalga oshiriladi. Biroq ishlab chiqaruvchi 2,5 A kuchlanishli tokdan foydalanishni, USB-portni esa Pi 3 ga energiya ko‘proq talab qilinadigan qurilmalarga ulanishda qo‘llashni tavsiya etmoqda.

“Qiziq holat: odamlar Raspberry Pi 2 ning ishlashi uni haqiqiy shaxsiy kompyuter deb atash uchun juda sekinlik qiladi, deyishdi. Endilikda biz bu chiziqdan o‘tdik. Biz endi aniq ayta olamiz: “Ha, bu shaxsiy kompyuter”, – dedi Raspberry Pi Foundation tijoriy bo‘limi rahbari Eben Apton.

E’tiborlisi, yangi namuna narxi ham oshirilmagan: mitti kompyuter 35 dollardan savdoga chiqarilgan.

Raspberry Pi Model V

Raspberry Pi Model V kompyuterining ilk nusxasi 2012 yilning 29 fevral kuni taqdim etilgan edi. Shu vaqtga qadar kompaniya mitti kompyuterlarning 8 milliontasini sotdi. Ularning uch milliontasi Raspberry Pi 2 kompyuterlaridir. Ayni paytda esa Raspberry Pi`ning texnik xususiyatlari bir-biridan farq qiladigan beshta modeli mavjud.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!