4,5 ming dollarlik iPhone X taqdim qilindi

4,5 ming dollarlik iPhone X taqdim qilindi

Rossiyaning Caviar kompaniyasi turli smartfon brendlarini qimmat va hashamdor talqinlarini yaratishi bilan yaxshi tanilgan. Mazkur kompaniya iPhone X flagmanining eksklyuziv versiyasini taqdim qildi. Bu talqin quyosh batareyasidan quvvat oladi.

Smartfon Tesla pristavkasi yordamida quyosh nuridan quvvat oladi. Kompaniyaning qayd etishicha, bu texnologiya Nikoloy Tesla, Stiv Jobs hamda Elon Mask tomonidan ilgari surilgan va ishlab chiqarilgan.

Quyosh batareyasi mobil aloqa qurilmasining orqa paneliga biriktirilgan. U shunchaki smartfonni quvvatlamaydi, shu bilan birga uni kutilmagan zarbalardan himoya qiladi. Uglerod tolasidan tayyorlangan quvvat ishlab chiqaruvchi qurilma g‘oyatda pishiq.

Qora rangdagi korpusga turli geometrik shakllar tushirilgan hamda titan metallining qotishmasi bilan qoplangan. Shuningdek, orqa panel 24 karatli oltindan tayyorlangan jozibador romlar bilan yanada diqqatni tortadi. iPhone X bunday yondashuvli dizaynda yanada hashamdor ko‘rinadi.

Hozircha ishlab chiqaruvchi iPhone X smartfonini mazkur quyosh batareyasi orqali qancha vaqt mobaynida quvvatlash kerakligini aytmagan.

Ma’lum qilinishicha, iPhone X Tesla nomli bu telefon modeli cheklangan tirajda ishlab chiqariladi. Uning har bir namunasi raqamlangan bo‘ladi. Jahon miqyosida bor-yo‘g‘i 99 dona shunday smartfon sotuvga chiqariladi. Agar talab ko‘p bo‘lsa, kompaniya 999 donagacha ishlab chiqarishni reja qilgan.

Hozircha Caviar sotuvga chiqish vaqti haqida hech nima demagan. Narxlar esa ma’lum: 64 gigabaytli xotiraga ega iPhone X Tesla 4500 AQSh dollaridan, 256 gigabaytli talqin esa 4800 AQSh dollaridan sotiladi.

2017 yilda taqdim qilingan flagman old panelini to‘liq egallab olgan 5,8 dyuymli ekran ayni paytda jahonning eng yaxshi smartfon displeyi hisoblanadi. Smartfonning yana bir o‘ziga xosligi - TrueDepth texnologiyasi. TrueDepth kamerasi FaceID texnologiyasi, "Portret rejim"ida suratga olish, "Portret yorug‘ligi" va "Animoji" kabi zamonaviy funksiyalarga xizmat qiladi. Optik barqarorlashtirish va studiya sifatida suratga oluvchi yangicha "Portret rejimi", 12 megapikselli qo‘sh sensorlar har bir kadrni eng maqbul usulda qayta ishlaydi.

O‘qing: Flagmanlar kushandasi -- OnePlus 6 taqdim qilindi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.