60 nafar qizlar axborot texnologiyalari sohasida bilim olishdi

60 nafar qizlar axborot texnologiyalari sohasida bilim olishdi

2018 yilning 10 aprel kuni “Microsoft” kompaniyasi mahalliy kompaniyalarning qo‘llab-quvvatlashi yordamida O‘zbekistonda birinchi marotaba qizlar salohiyatini oshirish va ularni texnologiyalar sohasiga jalb etishga qaratilgan “DigiGirlz” ta’lim dasturini o‘tkazdi, deb xabar berilmoqda Toshkentdagi Inha universitetining saytida.

“DigiGirlz” – “Microsoft” korporatsiyasining qizchalar uchun ilm-fan, texnologiya, muhandislik ishi va matematika sohalarida ta’limga investitsiya dasturidir. Dastur global iqtisodiyotning chaqiruvi va muammolariga tayyor bo‘lgan kelajak xodimlarini tayyorlash uchun mo‘ljallangan.

Tadbirda 12 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan 60 nafar qizlar qatnashdi. Dastur yosh qizlarga texnologiya sohasi va yangi innovatsiyalar bilan tanishish imkonini berdi.

“DigiGirlz” dasturining birinchi yarmida “Microsoft”ning ta’lim yechimlari bo‘yicha mutaxassisi Teodora Varbanova axborot texnologiyalari rivojlanishida qizlar va ayollarning o‘rni haqida so‘zlab berdi. O‘zbekistonlik mutaxassis Muqaddam Ahmedova AT-loyihani amalga oshirishda o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Ma’ruza davomida olingan bilimlar qizlarga nimani kutish mumkinligini va bu sohadagi ish qanday natija berishi mumkinligini tushunishga, shuningdek, axborot texnologiyalari sohasida malaka oshirish imkoniyatlarini muhokama qilishga imkon beradi.

Ikkinchi qismda “DigiGirlz” dasturining ishtirokchilari amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etishdi. Yosh guruhning ishtirokchilari (12 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan qizlar) “Flappy Bird” o‘yinini boshqarish uchun sensor yaratishdi. Katta guruh (15-17 yosh)dagi qizlar robot qo‘lini yaratishda ishtirok etishdi. Ushbu devayslarni yaratish uchun qizlar karton, sim, Adruino komplekti va boshqa materiallarni, shuningdek, dasturlash bo‘yicha bilimlarini ishlatishlari kerak edi.

“Microsoft” butun dunyodagi qizlarni qo‘llab-quvvatlaydi va ularga o‘z salohiyatlarini ro‘yobga chiqarishga yordam beradi. “DigiGirlz” dasturining asosiy maqsadi texnologiya sohasida ishlayotgan qizlarni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishdir. Bu o‘quv dasturi istiqbolli o‘quvchi qizlariga texnologiyalar sohasi ular uchun qanday imkoniyatlarni taqdim etayotganligini va ularning qobiliyatlarini namoyon etish uchun to‘sqinlik qilayotgan gender stereotiplarni sindirish hamda istiqbolli o‘quvchilarga kelajakdagi imkoniyatlarni ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan, - deydi “Microsoft”ning MDH bo‘yicha PR va korporativ ijtimoiy loyihalar bo‘yicha direktori Yelena Muxsinova.

Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Sarvar Babaxodjayev: “DigiGirlz” ta’lim dasturining O‘zbekistonga kelganidan mamnunmiz. Bunday tadbirlar qizlarning fan va axborot texnologiyalariga bo‘lgan qiziqishini uyg‘otishga imkon beradi. Bugungi kunda AT sohasidagi qizlarning nisbati juda kichik va bizning maqsadimiz ko‘proq qiz va ayollarni texnologiya dunyosiga olib kirishdir. Shuningdek, bunday tadbirlar qizlarga gender stereotiplarini yengib chiqishga va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida o‘z malakasini oshirishga yordam beradi».

MUIC ning Biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori o‘rinbosari Boxodir Ayupov qayd etdi: “DigiGirlz” ta’lim dasturi - qizlarga ijtimoiy, professional taqdirini tanlash huquqini beradigan loyihadir va biz bevosita o‘z amalga oshirishda ishtirok etayotganimizdan xursandmiz. O‘zbekiston bozori innovatsion loyihalar uchun nihoyatda och, bu esa o‘z navbatida ko‘plab sohalarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishni talab qiladi. Hukumat iqtisodiyotni raqamlashtirishga sodiq qolmoqda - bu mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan izohlanadi. O‘zgarishlar ertaga emas bugun kerak, ularni amalga oshirish imkoniyatiga ega yoshlar kabi. Bunday xodimlarni tayyorlash “DigiGirlz” kabi loyihalardan boshlanadi”.

“DigiGirlz” ishtirokchi Ruxsora Nazarova qayd etdi: “DigiGirlz” o‘quv dasturi menga nafaqat amalda ishlatsa bo‘ladigan, balki yangi texnologiyalar olamini ham ochdi. Yodimda, bir necha oy avval, robotlarni televizorda ko‘rganimda, O‘zbekiston hali bunday ilg‘or texnologiyalarni yaratishiga ancha bor, kelajakda bo‘ladi deb o‘ylagan edim. Ammo hozir “DigiGirlz”da, mana shu kelajakka qo‘l tekkazib, O‘zbekiston kelajagining yaratuvchilaridan bir qismi bo‘lishimga ishonch paydo bo‘ldi. Men ishtirokchilar qatoridan joy olganimdan xursandman».

Ta’lim dasturi yakunlari bo‘yicha barcha ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi. Eng faol to‘qqiz ishtirokchi tadbir doirasida o‘tkazilgan tanlov natijalariga ko‘ra qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi natijasida o‘tkazilmoqda. “DigiGirlz” tadbiriga “Microsoft” korporatsiyasi, Toshkent shahridagi Inha universiteti, “Mirzo Ulugbek Innovation Center”, AKT vazirligi hamda BMTTDning “Samarali Davlat Boshqaruvini rivojlantirish va Raqamli Transformatsiyaga ko‘mak” qo‘shma loyihasi, shuningdek, “Super Dispatch” kompaniyalari tashkilotchilik qilishmoqda.