Afsonaning intihosi: "Angry Birds" o'yini Google Play Store'dan olib tashlanmoqda

Afsonaning intihosi:

Sensorli smartfonlar endigina ommalashayotgan bir vaqtda ular uchun chiqarilgan Rovio'ning Angry Birds o'yini haqiqiy muvaffaqiyat bo'ldi. O'yin shu qadar mashhur bo'lib ketgan ediki, hozirda uning bir qancha davomiy qismlari va hatto, animatsion filmlari ham mavjud. Biroq, afsonaviy o'yinning original qismi endilikda Play Store'da olib tashlanmoqda.

Rovio Entertainment kompaniyasi o'zining rasmiy Twitter sahifasida muhim xabarni e'lon qildi. Unga ko'ra, "Rovio Classics: Angry Birds", ya'ni original Angry Birds o'yini 26-fevral kuni Google Play Store'dan olib tashlanadi. Qizig'i shundaki, o'yinning iOS versiyasi App Store'da qoladi, lekin uning nomi "Red's First Flight"ga o'zgartiriladi.

"Biz "Rovio Classics: Angry Birds" biznesini ko'rib chiqdik va o'yin bizning kengroq o'yinlar portfelimizga ta'sir qilishi tufayli biz "Rovio Classics: Angry Birds"ni 23-fevral, payshanba kuni Google Play do'konida ro'yxatdan chiqarishga qaror qildik." deyiladi e'londa.

The Verge nashridan Jey Pitersning yozishicha, Rovio o'zining original Angry Birds pulli o'yinini odamlarni mikrotransaktsiyalar orqali daromad olib keladigan boshqa Angry Birds o'yinlariga undash uchun olib tashlamoqda. Albatta, hozirgi original Angry Birds ham pulli (0.99 dollar) va u ham daromad olib keladi, biroq uning ichida hech qanday sotib olsa bo'ladigan narsalar yo'q va bu bilan u boshqa bepul Angry Birds o'yinlarining ichki savdolaridan ko'ra kamroq daromad olib keladi. Gap shundaki, 1 dollarlik o'yin odamlarni boshqa bepul, lekin ichki do'konlarga ega o'yinlardan uzoqlashtirmoqda.

O'yin App Store'da qoldirilib, uning nomi shunchaki o'zgartirilishiga kelsak, yangi "Red's First Flight" nomi bilan o'yinni ilovalar do'konidan topishingiz ancha qiyinlashadi. Qolaversa, Rovio bayonotida o'yinning nomi u "qayta ko'rib chiqilgunga qadar" o'zgartiriladi deyilgan. Shunday ekan, original Angry Birds kun kelib App Store'dan ham olib tashlanashi ehtimoli yo'q emas.

Ta'kidlash joizki, Angry Birds o'yini ilk marotaba 2009-yilda chiqarilgan edi. Oradan o'n yil o'tgach, 2019-yilda esa, original o'yin va uning bir nechta davomiy qismlari hech qanday tushuntirishlarsiz Google Play Store va App Store'dan olib tashlandi. 2022-yil mart oyi oxirida Rovio original o'yinni ilova do'konlariga qaytardi, biroq ular endi yuklab olish uchun pulli edi. Bugungi kunga kelib esa, o'yin Google Play Store'dan olib tashlanmoqda, App Store'da esa nomi o'zgartirilmoqda.

Shunday qilib, agar haqiqiy Angry Birds o'yini muxlisi va Android smartfon egasi bo'lsangiz unda Rovio Classics: Angry Birds o'yinini payshanbagacha sotib olib, yuklab olishga ulgurib qoling. Albatta, yuklab olingan o'yinni u Play Store'dan olib tashlangandan keyin ham o'ynash mumkin bo'ladi.

O'QING: Internet Explorer bizni bizni bir umrga tark etdi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!