AKT vazirining sahifasi Facebook'dan rasmiy maqom oldi

AKT vazirining sahifasi Facebook'dan rasmiy maqom oldi

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Axmedxadjayevning Facebook tarmog‘idagi sahifasi rasmiy maqomga ega bo‘ldi.

Ijtimoiy tarmoqdagi sahifa kuzatuvchilari bilan virtual muloqot o‘zaro ishonchli axborotga asoslanadi. Foydalanuvchilar tasdiqlangan sahifa orqali vazir faoliyati, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi rasmiy yangiliklarni bevosita kuzatib borishlari mumkin.

Sahifaning rasmiy maqomga ega bo‘lishi soxta profillar hamda yolg‘on xabarlar tarqalishiga chek qo‘yadi, ma’lumotlarni tez va oson ajratib olishga xizmat qiladi. Facebook tarmog‘ining qidiruv tizimi foydalanuvchiga kalit so‘zlar bo‘yicha birinchi bo‘lib tasdiqlangan sahifadagi axborotlarni taqdim qiladi.

Facebook 2013 yilning may oyidan boshlab yirik auditoriyaga ega davlat va jamoat arboblari, jumladan rahbar va siyosatchilar, taniqli shaxslarga ko‘k rangli tasdiq belgisini berib keladi.

Aytish joizki, davlat mulozimlarining virtual olamda hozir bo‘lishlari sohalardagi korrupsiya, tizimdagi sansalorlik, joylardagi kamchiliklarning oldini oladi. Xalq biror sohaning rahbari bilan orasida to‘siq yoki masofa yo‘qligini his qilsa, o‘ziga bo‘lgan ishonch hamda haqini himoya qilishga bo‘lgan his oshadi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!