AKT vazirligi mutaxassislarni maoshi 10 mln so‘mgacha bo‘lgan ishga taklif qilmoqda​

AKT vazirligi mutaxassislarni maoshi 10 mln so‘mgacha bo‘lgan ishga taklif qilmoqda​

"UNICON.UZ" fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi veb-texnologiyalar bo‘yicha dasturchilar, ma’lumotlar bazalarining boshqaruv tizimlari administratorlari, ilova serverlari administratorlarini ishga taklif qilmoqda. Bu haqda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Nomzodlardan zamonaviy veb-texnologiyalarni dasturlash tillarida ishlash, ma’lumotlar bazalari boshqaruv tizimlaridan foydalanish va boshqarish, ilova serverlarida ishlash, dasturlash vositalarini o‘rnatish va sozlash, server va ilovalar, ma’lumotlar bazalari, axborot tizimlari o‘rtasidagi aloqani muvofiqlashtirish, internetda kasbiy ko‘nikmalarga oid bilimlarni izlash va o‘zlashtirish tajribasiga ega bo‘lish talab qilinadi.

Xabarda bildirilishicha, nomzodlar 20-45 yoshgacha bo‘lishi, rus, o‘zbek (ma’qullanadi) va texnik ingliz tilini (majburiy) bilishi shart.

Maosh oklad miqdori kvalifikatsiyadan kelib chiqib, 10 mln. so‘mgacha, shuningdek, ustama, mehnatga yarasha mukofot pullari hamda ijtimoiy paket berilishi bildirilgan.