All-In-One Calculator: bitta ilovada naq 75 kalkulyator va konverter!

  •   DiMaX
  •  2190
  •  16.07.2018 16:48

All-In-One Calculator: bitta ilovada naq 75 kalkulyator va konverter!

Turlicha hisoblash, o‘lchash, birliklarni bittasidan boshqasiga o‘tkazish... kabilarga ko‘p ishingiz tushadimi? Unda sizga aynan All-In-One Calculator ilovasi kerak ekan!

O‘QING: Muhim kashfiyot: iPhone kalkulyatorida noto‘g‘ri terilgan belgini o‘chirish mumkin

Ushbu Android-ilova 8 megabaytga yaqin hajmga ega, ammo shunga yarasha imkoniyatlari ham o‘ta katta. Biror nimani hisoblashga aloqador nimaiki kerak bo‘lsa – hammasi shunda mujassam. Siz faqat operatsiya turini tanlasangiz va kerakli kattaliklarni kiritsangiz kifoya.

All-In-One Calculator dasturida barcha hisoblagichlar oltita bo‘limga ajratilgan: Algebra, Geometriya, Kattaliklar konverteri, Moliya, Salomatlik, Turlicha. Ularning har birida yana guruhlarga ajratilgan holda hisoblagichlar joylangan. Masalan, Algebra bo‘limida foizlar hisoblagichi bor, unda biror tovarga e’lon qilingan chegirma hajmini, biror sonning muayyan foizini va hokazolarni chiqarib olishingiz mumkin.

Yaxshi tomoni shundaki, murakkab hisob-kitoblarda nafaqat yakuniy javob, balki masalaning yechimigacha bo‘lgan yo‘l ham qadam-baqadam aks ettiriladi. Shu tariqa kvadrat tenglamalar hamda tenglamalar tizimlarini tekshirib olish ancha qulay. Mustaqil hisoblashlar uchun klassik hamda muhandislik kalkulyatorlari ham mavjud.

Geometrik formulalarda ko‘rsatilgan qiymatlar bo‘yicha avtomatik tarzda barcha kattaliklar ko‘rsatiladi. Masalan, Geron formulasida uchburchak tomonlarini ko‘rsatib, siz uning barcha xususiyatlarini bilib olishingiz mumkin.

All-In-One Calculator ilovasida eng kerakli, o‘zingiz ko‘p ishlatadigan kalkulyatorlarni saralab joylashtirishingiz, o‘rinlarini almashtirishingiz va tanlanganlar ro‘yxatiga qo‘shib qo‘yishingiz mumkin. Shuningdek, barcha bo‘limlar bo‘yicha umumiy qidiruv funksiyasi mavjud; u berilgan biror kattalik bo‘yicha, unga tegishli barcha hisob-kitoblarni topishga imkon beradi. Har bir hisoblash turi uchun bosh ekranda vidjet-belgicha yaratish ham mumkin – bu ish ilovaning o‘zidan turib, ikkitagina chertish orqali bajariladi.

Moliya bo‘limidagi valyutalar konverteri har bir internet-ulanishda barcha kurslarni yangilab oladi. U hatto internetga ulanmagan holda – offlayn tarzda ham faoliyat ko‘rsatadi.

Son-sanoqsiz hisob-kitob jihozlaridan tashqari, All-In-One Calculator qulay interfeysga ham ega. Uning rangini naq qirqta interfeys mavzusidan birini tanlagan holda o‘zgartira olasiz.

Shuncha imkoniyatlari bo‘lishiga qaramasdan, All-In-One Calculator ilovasining barcha funksiyalari bepul. Faqat ekranning pastki qismida reklama banneri chiqib turadi – uni olib tashlash uchun to‘lov talab qilinadi.

Mazkur universal kalkulyatorni Google Play katalogidan mana bu havola orqali yuklab olishingiz mumkin.

O‘QING: Qidiruv tizimlari(Yandex, Google)ning qo‘shimcha funksiyalari

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!