Amazon`ning ilk real kitob do‘koni ish boshladi

Amazon`ning ilk real kitob do‘koni ish boshladi

Arzon ishchi kuchi va zamonaviy qulaylik yordamida onlayn savdo-sotiqda oson muvaffaqiyat qozongan, internet xizmatlarini ko‘rsatuvchi Amerikaning yirik Amazon kompaniyasi 3 noyabr kuni kitob ixlosmandlari uchun AQShning Sietl shahrida o‘zining ilk real kitob do‘koni eshiklarini ochdi.

Kitob do‘koni kompaniya asos solingan Sietldagi Yuniversiti Villij ochiq savdo markazida faoliyat ko‘rsatadi. 510 kvadrat metr savdo maydoni hamda 5 ming dona kitobga ega do‘konning an’anaviy kitob do‘konlaridan farqi shundaki, bu yerda onlayn tarmoqda ehtiyoj va talab eng yuqori bo‘lgan kitoblar savdoga chiqariladi. Vitrinalarda kitoblarning old va orqa muqovalari xaridorlarga qaratilgan holda joylashtirilgani kitobxonlarga o‘zlarining sevimli mualliflari va kitoblarini oson topib olishlari uchun qulaylik yaratadi.

Garchi ushbu savdo rastalarida kompaniyaning Kindle hamda Fire elektron kitob o‘qish qurilmalari namoyish qilinsa ham, kitobxonlarga Amazon’ning onlayn do‘konlaridan elektron kitoblarni xarid qilish tavsiya qilinmaydi. Do‘kondagi kitob narxlarining kompaniyaning virtual do‘konlaridagi narxi bilan bir xilligi hisobga olinsa, kompaniyaning mazkur loyihadan foyda ko‘rishi gumon. Bu esa loyihaning jamoatchilikning diqqat-e’tiborini jalb qilish maqsadida amalga oshirilayotganini ko‘rsatadi.

Kompaniyaning ilk offlayn do‘koni esa 2014 yilda ishga tushgan.

1994 yilda asos solingan kompaniya dunyodagi eng sersuv Amazonka daryosi sharafiga shunday nomlangan. 1998 yilgacha internet do‘konida faqatgina kitoblar sotilgan. Bugungi kunga kelib, virtual marketda minglab turdagi mahsulot savdoga chiqariladi. Internet do‘konining elektron platformasidagi qulayliklardan biri shuki, u yerda mijozlar o‘zlari sotib olgan mahsulotlar to‘g‘risidagi fikr-mulohazalarini o‘rtoqlasha oladilar.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.