Android 11 borasida ilk va yaxshi xabar!

Android 11 borasida ilk va yaxshi xabar!

Android qurilmalar bilan 4GB dan katta hajmdagi videolarni yozib olishning imkonsizligini bilasizmi? Bu keyingi yildan o‘zgarishi mumkin!

XDA-Developers saytining xabar berishicha, Android 11'dan boshlab ushbu cheklov bekor qilinadi. 

Ayni damda aksariyat smartfonlar 4K formatda soniyasiga 30 kadr olish imkoniga ega. Bu esa o‘ta katta hajmli video-fayl demakdir. 4K@60fps esa bundanda katta joy egallaydi, yaqin orada 8K formatdagi videolar tasvirga tushiruvchi smartfonlar paydo bo‘lsa ham hayron qolmaymiz. 

Yozib olinayotgan kadrlar sifati oshib borishi bilan, videoning har bir daqiqasi hajmi ham shunga mos o‘sib borishi hech kimga sir emas. Shu sababli yuqori formatda uzunroq video olinsa, 4GB cheklov o‘ta nohaqlik bo‘ladi. 

Hozirgi holatda yozib olinayotgan video hajmi 4GB dan oshsa, video yozuv to‘xtab, kamera ilovasi o‘chib qolmaydi, balki video bir necha alohida fayl sifatida saqlanadi. Masalan, 10 daqiqali 4K@30fps video olsangiz, Galereya ilovasida alohida-alohida bo‘lib saqlangan bir nechta yangi videolar paydo bo‘ladi. Bu ko‘pchilikka yoqmasligi tabiiy, albatta.

4GB lik cheklov 2014 yilda joriy qilingandi. U paytda mobil qurilmalar texnik ta’minot borasida hozirgilarga qaraganda anchayin farqlangan; o‘sha paytda 4GB o‘ta katta hajm bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi foydalanuvchi uchun bunday emas. Google ham buni tushunib yetgan ko‘rinadi.

Agar Google oldingi yillardagi kabi harakatlansa, Android 11'ning ilk beta talqini 2020 yilning mart oyida taqdim qilinishi kerak.

O‘QING: «Layfxaker»ga ko‘ra 2019 yilning eng foydali Android-ilovasi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.