Android, iOS va Windows Phone’da skrinshot qilish

  •   DiMaX
  •  2490
  •  01.02.2017 13:17

Android, iOS va Windows Phone’da skrinshot qilish

Deylik, smartfoningizda o‘yin o‘ynayotib, navbatdagi rekordingiz aks ettirilgan lavhani, yoki biror do‘stingiz bilan bo‘lib o‘tgan kulgili suhbatni rasm sifatida saqlab, boshqa bir do‘stingizga yubormoqchisiz. Bu paytda ekranni rasmga olish – skrinshot qilish funksiyasi sizga yordamga keladi.

Xo‘sh, bu funksiya turli qurilmalarda qanday ishga tushiriladi?

Apple iOS

Agar qurilmangiz iPhone bo‘lsa, unda hammasi oson: bir vaqtning o‘zida «Home» tugmasini (ekran ostidagi dumaloq tugmani) va smartfonni bloklash tugmachasini (gadjetning tepasida joylashgan) birgalikda bosasiz – skrinshot tayyor! Bu surat kamera orqali tushirilgan rasmlarning saqlanish joyi – «Fotoplenka» albomiga saqlanadi.

Android

Odatda Android-smartfonlarda qurilmani o‘chirib-yoqish tugmachasi va ovozni pasaytirish tugmachasini bir vaqtda bosish orqali skrinshot olinadi. Biroq ayrim ishlab chiqaruvchilar boshqalardan ajralib turish uchunmi, mazkur funksiya uchun boshqacharoq yo‘llarni tanlashgan.

Masalan, Samsung mahsulotlarida smartfonni o‘chirib-yoqish tugmachasi bilan bir vaqtda «Uyga» («Domoy»/«Home») tugmachasini bosish orqali ekranni suratga olish mumkin.

Ba’zi qurilmalarda skrinshot olish uchun muayyan qo‘l harakatlari qilish kerak. Masalan, Galaxy S6 modelida shunchaki qo‘lni siltash orqali ekrandagi surat saqlab qo‘yiladi. ZTE qurilmalarida esa buning uchun ekran bo‘ylab uchta barmoq bilan silash kerak; bunda olingan suratni shu yerning o‘zidayoq tahrirlash ham mumkin bo‘ladi.

Sony bo‘lsa skrinshot olish imkoniyatlarini yanada ko‘paytirgan: tugmachalarni baravariga bosishdek odatiy usuldan tashqari, uning qurilmalarida yana bir imkoniyat bor. Ya’ni, «Uyga» (ayrim modellarida esa o‘chirib-yoqish) tugmachasini sal vaqt bosib turish, ekranga chiqqan menyu oynachasida «Snimok ekrana»ni tanlash mumkin.

Buyam hali hammasi emas: Google Play’da skrinshot olishga mo‘ljalangan o‘nlab mini-ilovalar mavjudki, ular orasidan birortasini tanlab, o‘rnatib olsangiz ham bo‘ladi.

Windows Phone

Windows Phone’da ishlaydigan smartfonlarda ekranni suratga olishning ikkita usuli mavjud. Ulardan qay biri ishlashi esa qurilmadagi o‘rnatilgan operatsion tizimning versiyasiga bog‘liq. Birinchisi – Windows tugmachasi (ekran ostidagi o‘rta tugmacha) hamda smartfonni bloklash tugmachasini birgalikda bosish usuli. Ikkinchisi esa – bloklash tugmachasi bilan ovozni ko‘tarish tugmachasini baravar bosish yo‘li.

Agar bu ikkala usuldan birortasi ishlamay qolsa (ba’zan bunaqasi ham bo‘lib turadi), u holda OpenScreenShot singari dasturlar yordamida skrinshot olish imkoni bor.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!