Android-qurilmalar uchun eng ishonchli beshta budilnik

  •   DiMaX
  •  4939
  •  26.05.2017 12:55

Android-qurilmalar uchun eng ishonchli beshta budilnik

Android tizimining o‘zidagi – soat ilovasidagi budilnikdan foydalanasizmi? Undan ko‘ra qiziqarliroq, ko‘pfunksiyali ilovalarni sinab ko‘rganmisiz?

Bugun eng yaxshi beshta uyg‘otgich-dasturning qisqacha tavsifini beramiz.

1. Timely

Android tizimi uchun chiqarilgan mazkur budilnik sizning qurilmalaringiz orasida sinxronlash funksiyasiga ham ega. O‘zidagi yoqimli taronalar bilan u sizning tongda uyg‘onishingizni haqiqiy rohatga aylantiradi.

Timely foydalanuvchilari ilovaning interfeysini rasmiylashtirish mavzusini o‘z ta’blariga ko‘ra tanlashlari yoki hatto o‘zlari yaratishlari ham mumkin. Uyg‘onishi qiyin bo‘lganlar uchun esa, budilnikni bitta tugmacha bilan o‘chirib qo‘yishmasligi uchun, ilovaga topshiriqlar ham kiritilgan. Toki topshiriqni bajarmaguningizcha uyg‘otgichning ovozini o‘chirib bo‘psiz!

Ilovaning yana ikkita yoqimli funksiyasini ta’kidlash o‘rinli. Uni shunday sozlash mumkinki, shunchaki smartfonni ag‘darib qo‘yish bilan ovozini o‘chirsa bo‘ladi. Qolaversa, siz telefonni qo‘lingizga olganingizni Timely sezadi va budilnikning ovozini pasaytiradi!

Afzalliklari:

  • Chiroyli dizayn
  • Interfeys mavzulari
  • Yoqimli kuylar
  • Uyg‘onish uchun topshiriqlar
  • Qurilmalar aro sinxronlashtirish

Timely dasturini Google Play do‘konidan mana bu havola orqali ko‘chirib olish mumkin.

2. Sleep as Android

Sleep as Android ilovasi sizning uyqu sikllaringizni kuzatib boradi va, aynan qaysi lahzada uyg‘onish siz uchun yoqimliroq bo‘lishini aniq biladi! Uning aqlli gadjetlar bilan integratsiyalashuvi esa uyqungiz tinch bo‘lishini yaxshi nazorat qilish imkonini beradi.

Budilnikda xurrak va bosinqirash ovozlarini yozib olish funksiyasi ham mavjud. U tovushlar avvaldan belgilab qo‘yilgan balandlik chegarasiga yetganida avtomatik ravishda ishga tushib ketadi.

Tezroq uyquga ketish uchun Sleep as Android’da «allalash» funksiyasi ham bor – tabiat tovushlari yoki qushlarning mayin sayrashi tovushlari orom olishingizni ta’minlaydi. O‘z uyqu rejimini oqilona yo‘l bilan tiklashni istovchilar uchun bu ilova juda qo‘l keladi.

Afzalliklari:

  • Uyg‘onish uchun topshiriqlar
  • Uyquni kuzatib borish
  • Uyqu yetishmovchiligi statistikasi
  • Yoqimli «alla»lar
  • Bosinqirashlarni yozib olish

Google Play marketidan Sleep as Android’ni yuklab olish uchun mana bu havola orqali o‘tasiz.

3. Alarm Clock Xtreme

Android uchun ishlab chiqilgan bu uyg‘otgich tajribalar qilishni xush ko‘ruvchi hamda faol insonlarga juda-juda mos keladi. Ilova ko‘plab onlayn-radiostansiyalarga ulana oladi.

Alarm Clock Xtreme budilnigida siz uyg‘otgich taronasini mustaqil belgilay olmaysiz, uning o‘zi sizni har kuni turlicha tovushlar bilan uyg‘otadi. Shuningdek, ilova alohida taymer va qulay sekundomer bilan ham jihozlangan.

Sozlamalarning keng funksionali evaziga, siz nafaqat tungi uyqu, balki tush paytidagi mizg‘ib olishlar uchun ham qulay vaqtlarni belgilay olasiz.

Afzalliklari:

  • Uyquni tahlil etib borish
  • Uyg‘onish sikllarini sozlash
  • Kunduzgi qisqa uyqular uchun budilnik
  • Signalni avtomatik tarzda keyinroqqa surish

Alarm Clock Xtreme ilovasini ushbu havola orqali yuklab olib o‘rnatasiz.

4. Alarm Clock

Android tizimidagi qurilmalar uchun ishlangan Alarm Clock ilovasi – bu oddiylikning yangi ko‘rinishidir. Unda qoyilmaqom soat hamda signallarni ishga tushirishning intellektual algoritmi mavjud. Dastur minimalistik dizaynga ega bo‘lib, tizim resurslarini juda kam sarflaydi.

Bundan tashqari, mazkur ilovani qo‘ng‘iroqlar uchun signallar menejeri yoki ish stolidagi chiroyli soat tarzida ham ishlatish mumkin. Agarda sizga ishonchli, chiroyli va oddiy budilnik kerak bo‘lsa, buning uchun Alarm Clock eng yaxshi nomzoddir.

Afzalliklari:

  • Soatning 4 turi
  • 3 xildagi bildirishnomalar
  • Minimalistik dizayn
  • Batareya quvvatini tejash
  • Ishonchlilik va oddiylik

Alarm Clock dasturini mana bu havola yordamida ko‘chirib olish mumkin.

5. Alarmy (SleepIfUCan)

Agarda musiqa tovushlari va telefon titrashi (vibratsiya) orqali sizni uyg‘otish qiyin bo‘lsa, Alarmy (SleepIfUCan) bu borada boshqacharoq yechim taklif qiladi. Mazkur ilovada budilnikning ovozini o‘chirish uchun shunchaki tugmachani bosish yoki smartfonni silkitishning o‘zi yetarli emas (garchi shu yo‘llar bilan o‘chirishga sozlash imkoni ham mavjud bo‘lsa-da).

Alarmy (SleepIfUCan) budilnigini uyg‘onganingizga ishontirish uchun, siz o‘z kvartirangizdagi avvaldan belgilab qo‘yilga biror joyni (masalan, vannaxonadagi rakovinani) suratga olib unga ko‘rsatishingiz kerak! Garchi dasturchilar «saaaalgina» haddan oshirib yuborishgan bo‘lsa-da, uyg‘onishingiz kafolatlanadi.

Afzalliklari:

  • Uyg‘onish uchun topshiriq
  • Oddiy interfeys
  • Uyqu tarixi
  • Ob-havo ma’lumoti

Alarmy (SleepIfUCan) budilnigini Google Play’dan ushbu havola orqali yuklab olasiz.

Darvoqe, tongda zo‘rg‘a uyg‘onishdan qutqaruvchi ilova – Android va iOS tizimli qurilmalar uchun ishlab chiqilgan Smart Alarm Clock dasturi haqidagi maqolamizga ham qarab qo‘yish esdan chiqmasin.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!