Android uchun antiqa launcher – dasturchilar uslubida!

  •   DiMaX
  •  4771
  •  29.04.2017 11:39

Android uchun antiqa launcher – dasturchilar uslubida!

Oddiy odamlar nazdida dasturchilar – salkam zamonaviy sehrgarlardek. Ular o‘z tillarida muloqot qilishadi, kerakli «afsun»lar – kodlarni bilishadi va oddiygina buyruqlar satrida ularni terish yordamida ancha-muncha ishlar qilishadi.

Android tizimidagi qurilmalar uchun ishlab chiqilgan Linux CLI Launcher ham aynan shu «sehrgar»larga mo‘ljallangan. Uning asosiy elementi – buyruqlar satri (komandnaya stroka) hisoblanadi. Smartfonda biror dasturni ishga tushirish, SMS yuborish va boshqa oddiy ishlarni bajarish uchun… buyruqlarni terish kerak!

Launcher interfeysida hech qanaqa oboy, belgicha (ikonka) yoki vidjet degan narsaning o‘zi yo‘q. Faqat qora ekran va buyruqlar satrida lipillab turgan kursor bor.

Android va Linux’ning «boshlang‘ich» buyruqlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashdan tashqari, Linux CLI Launcher’da yana o‘z buyruqlar to‘plami ham mavjud. Ular eng kerakli amaliyotlarni tezda bajarishga yordam beradi. Mana, ulardan ayrimlari:

  • uninstall [app];
  • sms [contact] [text];
  • call [contact];
  • calc [expression];
  • search [google, playstore, youtube, files];
  • wifi;
  • flash;
  • share [file];
  • mv / cp [file] [dest].

To‘g‘ri, kimgadir bu launcher o‘ta antiqa, beso‘naqay tuyuladi. Yana birovlar esa, buyruqlarni terish ko‘p vaqt olishi hamda noqulay ekanligini ta’kidlashadi.

Lekin, boshida aytganimizdek, Linux CLI Launcher – hamma uchun emas. Faqat dasturchilar, faqat «sehrgar»lar uchun! Ular va barcha qiziqqanlar mazkur ilovani mana bu havola orqali ko‘chirib olishlari mumkin.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!