Android uchun Day by Day – maqsadga undovchi hamrohingiz!

  •   DiMaX
  •  2500
  •  09.03.2017 13:52

Android uchun Day by Day – maqsadga undovchi hamrohingiz!

Odamzod smartfon yoki plansheti, kompyuteri orqali turli ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar, o‘yinlarga o‘ralashib qolsa, real hayotdagi ayrim ishlarini unutib qo‘yishi, kechiktirib yuborishi – bor gap. Ammo buni yo‘lga solishda ham aynan texnologiyalar, aniqrog‘i – maxsus dasturlar yordam berishi mumkin. Shulardan biri – Android platformali qurilmalar uchun ishlab chiqarilgan Day by Day ilovasidir.

U uzluksiz zanjir uslubidan foydalanib, o‘zingizni nazorat etib borishingizga ko‘maklashadi. Bu oddiygina, ammo samarali usul sizni yaxshi odatlarda bardavom bo‘lishga va belgilangan biror foydali yumushni har kuni muntazam tarzda bajarib borishga ruhlantiradi.

Avvaliga siz dasturga muntazam tarzda – haftaning tegishli kunlarida (yoki har kuni) amalga oshirishingiz lozim bo‘lgan ishni kiritasiz. Masalan, dushanba, chorshanba va juma kunlari biror xorijiy tilni o‘rganish bo‘yicha mashg‘ulot o‘tashingiz kerak bo‘lsa, shuni kiritasiz. Keyin esa, uni bajargan har bir kuningizni vaqt shkalasida belgilab boraverasiz. Shuni muntazam tarzda amalga oshirib, siz bu jarayonni uzluksiz zanjir tarzida ko‘rasiz. Agar biror kunni shu ishni bajara olmasdan o‘tkazib yuborsangiz, dasturdagi zanjirning o‘sha kunida bo‘shliq qoladi.

Day by Day dasturidan foydalanib, qiziqarli psixologik samarani kuzatish mumkin: siz uzun uzluksiz zanjirchaga boqib qoniqish hosil qilasiz, oraliqdagi uzilishlarni esa yomon ko‘rasiz. Mashg‘ulotlar bajarilishi jarayonining aynan mana shunday sxema tarzidagi aks etib borishi siz uchun qo‘shimcha ruhlanish manbai bo‘ladi.

Yangi odatni ilovaga kiritayotib, siz uning bajarilishi uchun hafta kunlarini belgilashingiz, belgicha tanlashingiz va nom qo‘yishingiz mumkin, masalan: «Tonggi gimnastika» yoki «Inglizchani o‘rganish». Agar shu mashg‘ulotni bajarishingiz lozim bo‘lgan kunlar sonini ko‘rsatsangiz, bu odatni maqsadga aylantiradi. Bu holatda vaqt shkalasining yonida shu umumiy jarayonni foizlarda ko‘rsatuvchi ko‘rsatkich ham aks etadi.

Bundan tashqari, dastur har kunlik eslatmalar funksiyasiga ham ega. Shuningdek, haftaning istalgan kuniga matnli izoh belgilab qo‘yish mumkin.

Bepul versiyada Day by Day ilovasiga ikkitagacha mashg‘ulot kiritib qo‘yish mumkin. Cheklovni olib tashlash va interfeysning bir necha qo‘shimcha funksiyalariga ega bo‘lish uchun esa tegishli miqdorda to‘lovni amalga oshirish kerak bo‘ladi.