Android uchun eng yaxshi mutolaa ilovalari

  •   DiMaX
  •  4613
  •  25.04.2017 11:40

Android uchun eng yaxshi mutolaa ilovalari

«Hozirda hamma telefonga qiziqib ketgan, yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi…» qabilidagi gaplarni ko‘p eshitamiz. Ammo shu telefonning o‘zida ham elektron kitoblarni mutolaa qilish imkoni borligiga negadir ko‘pchilik ahamiyat bermaydi.

Bugun Android tizimidagi qurilmalarda elektron kitoblar mutolaasi uchun ishlab chiqilgan beshta eng yaxshi dastur bilan tanishtiramiz.

1. FbReader

Android uchun eng yaxshi o‘qigich. U yaratilganidan buyon ko‘p past-balandliklarga duch keldi, imkon qadar barcha funksiyalarni o‘zlashtirdi va ancha-muncha ixlosmandlar to‘pladi.

Elektron kitoblarning asosiy formatlarini (ePub, fb2, DjVu va mobi) hamda boshqa keng tarqalgan matnli fayllarni (rtf, doc, html, txt, pdf), shuningdek, ZIP-arxivlarni o‘qiy oladi.

Foydalanuvchi uning tungi rejimidan, tarmoqdagi kutubxonasidan foydalanishi mumkin. Yana unda sharing (ijtimoiy tarmoqlarda ulashish) funksiyasi va boshqa ko‘plab plaginlar mavjud. Tez ishlaydi va mutolaaga juda qulay.

Asosiy afzalliklari:

  • Tarmoqdagi kutubxona
  • Kitoblarni «bulutda» saqlash imkoni
  • Qo‘shimcha plaginlar
  • Tungi rejim
  • Yuqori tezlikda ishlash

Ushbu ilovani mana bu havola orqali yuklab olish mumkin.

2. Moon Reader

Juda ko‘p sozlamalarga ega hamda o‘ta ko‘p funksiyali mutolaa ilovasi. Unda hamma narsani o‘zingizga moslab sozlasangiz bo‘ladi – shrift o‘lchamidan tortib, imo-ishoralar bilan boshqarishgacha. Dasturning turli funksiyalariga tezkor kirish tugmachalari mavjud.

Raqamli matn formatlarining har xil turlarini qo‘llab-quvvatlaydi: TXT, HTML, EPUB, PDF, MOBI, FB2, UMD, CHM, CBR, CBZ, RAR, ZIP va OPDS. Yana, ekran shriftlarining uslubini o‘zgartirish imkoniyati ham qo‘shilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, Moon Reader o‘z foydalanuvchilariga imkon qadar qulay mutolaa uchun hamma sharoitlarni yaratib berishga intilayotir. Faqat uning barcha imkoniyatlaridan foydalanish uchun oldin sal vaqt sarflab, o‘rganib olish kerak bo‘ladi.

Asosiy afzalliklari:

  • Qulay interfeys
  • Varaqlashning 5 ta rejimi
  • Avvaldan o‘rnatilgan 10 ta mavzu
  • Ko‘zlar charchashini kamaytirish rejimi
  • Statistika

Dasturni Google Play’dan mana bu havola orqali yuklab oling.

3. Cool Reader

Ilovaning asosiy afzalliklari – chiroyli kitob javoni, doc formatli fayllarni qulay o‘qish imkoni va onlayn kitob kataloglarini qo‘llab-quvvatlashi. Shuningdek, Cool Reader’da smartfonning fayl tizimi bo‘ylab oson navigatsiya funksiyasi ham bor.

Umuman olganda, bu – Android uchun standart mutolaa dasturi, u elektron kitoblarning eng keng tarqalgan formatlarini o‘qiy oladi: fb2, epub (DRM’siz), txt, doc, rtf, html, chm, tcr, pdb, prc, mobi (DRM’siz) va pml.

Dastur tizimga sukut bo‘yicha o‘rnatilgan TTS dvijogidan foydalangan holda, kitobni ovoz chiqarib o‘qiy oladi. Shuningdek, unda tungi mutolaa rejimi, matn bo‘ylab izlash va xatcho‘p (zakladka) funksiyalari mavjud. Yagona jiddiy kamchiligi – unda kitoblarni qulay taxlash (kataloglashtirish) funksiyasi yo‘q.

Asosiy afzalliklari:

  • FB2 formatini to‘liq qo‘llab-quvvatlash
  • Lug‘atlarni qo‘llab-quvvatlash
  • Ovoz chiqarib o‘qish
  • O‘ziga o‘rnatilgan fayllar brauzeri

Cool Reader’ni mana bu havola orqali ko‘chirib olish mumkin.

4. Alreader

Mazkur ilovaning ilk versiyalari hali Windows Mobile’dayoq bor edi, endi esa Android uchun ham ishlab chiqilgan. Ishlab chiquvchilarning fikricha, Alreader – badiiy adabiyotlarni qulay o‘qish uchun eng maqbul yechim.

Dastur ko‘plab matn formatlarini taniydi: fb2, fb3, fbz, txt, epub (DRM’siz), html, doc, docx, odt, rtf, mobi (DRM’siz), prc (PalmDoc), tcr. Bulardan tashqari, u ZIP va GZ arxivlari bilan ham ishlay oladi.

Agarda «spartancha» interfeysi sizni cho‘chitmasa, ushbu o‘qigich yaxshi hamrohingizga aylanishi mumkin.

Asosiy afzalliklari:

  • Tarmoqdagi kutubxona
  • Qo‘shimcha plaginlar
  • Tungi rejim
  • Yuqori tezlikda ishlash

Dasturni Google Play do‘konidan ushbu havola orqali yuklab olsa bo‘ladi.

5. eReader Prestigio

Android uchun mutolaa dasturlari orasida yoshrog‘i. Ammo interfeysining dizayni, hatto tajribasiz foydalanuvchilarga ham tushunarli sozlamalari va juda ko‘plab formatlarni o‘qiy olishi bilan ko‘pchilikka manzur bo‘lmoqda.

Ilovada «bulutli» sinxronlash, ovoz chiqarib o‘qish funksiyalari, kitoblar internet-do‘koni va o‘zining fayl-menejeri bor. eReader Prestigio’ni o‘rnatib olsangiz, eBooks.PrestigioPlaza.com do‘konidagi 25 tildagi 50000 dan oshiq elektron kitoblarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulana olasiz.

Kitoblarni intellektual izlash funksiyasi esa, bitta tugmachani bosish orqali qurilmangizdagi barcha qo‘llab-quvvatlanuvchi kitoblarni topishga yordam beradi. Eng asosiysi – eReader tez va qulay ishlaydi! Bu – Android uchun eng chiroyli mutolaa ilovasi.

Asosiy afzalliklari:

  • A’lo dizayn
  • «Bulutli» sinxronlash
  • Tungi rejim
  • Ovoz chiqarib o‘qish
  • O‘ziga o‘rnatilgan fayllar brauzeri

Mutolaa dasturini mana bu havola orqali ko‘chirib olish mumkin.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!