Android uchun eng yaxshi tarjimon-ilovalar

  •   DiMaX
  •  9718
  •  25.05.2017 16:39

Android uchun eng yaxshi tarjimon-ilovalar

Til o‘rganishning hozirgi kunda yo‘llari, vositalari ko‘p. Jumladan, Android-qurilmalar uchun ajoyib tarjimon-ilovalar ham chiqarilgan. Ulardan ayrimlari turli tillardagi matnni o‘girib berish bilangina cheklanib qolmasdan, fotosuratlardagi yozuvlarni, internet-sahifalarni va hatto real vaqt rejimidagi nutqni ham tarjima qila oladi!

Bugun tarjima masalasida yordam beruvchi eng yaxshi Android-ilovalar xususida to‘xtalamiz.

1. Microsoft Translator

Android uchun universal tarjimon, ovozli nutqni anglashi tufayli u so‘zlar tarjimasini yangi bosqichga ko‘taradi. Biror jumlani aytsangiz bas – ilova uni oltmishdan ortiq (!) til orasidan siz istagan biriga o‘girib bera oladi. To‘g‘ri, bu funksiyani to‘laqonli, deb bo‘lmaydi. So‘zlarni o‘ta darajada aniq va tushunarli talaffuz etish kerak bo‘ladi.

Bundan tashqari, ichiga o‘rnatilgan so‘zlashgich tufayli, kerakli jumlani va talaffuzni tanlash juda oson. Agarda biror joyda siz tushunmaydigan matn bo‘lsa, uni suratga olishingiz kifoya – Microsoft Translator uni tarjima qilib bera oladi.

Bu dasturning eng kuchli jihatlaridan biri – «Suhbat» rejimidir. U tufayli turli tillarda gapirayotgan ikki kishi suhbat uchun o‘z uyali qurilmalarini sinxronlab, real vaqt rejimida tarjimalar bilan suhbatlashishlari mumkin.

Afzalliklari:

  • Tasvirdagi matnni o‘girish
  • Ichiga o‘rnatilgan so‘zlashgich
  • Real vaqt rejimida tarjima
  • Oflayn-rejim
  • Nutqni «yo‘l-yo‘lakay» o‘girish

Microsoft Translator ilovasini mana bu havola orqali olib o‘rnatish mumkin.

2. Yandeks. Tarjimon

Mazkur baquvvat tarjimon-ilova sodda interfeysga va juda katta funksionalga ega. Lug‘ati 90 dan oshiq tilni qo‘llab-quvvatlaydi; tanlangan tillarda esa oflayn-rejimda ham ishlaydi. Yandeks. Tarjimon nafaqat gaplar va matnlarni, balki butun boshli saytlarni ham tarjima qila oladi. Buning uchun matn terish qatoriga internet-sahifaning manzilini tashlash kifoya.

Dasturda ovozli matn kiritish hamda matnlarni ovozli o‘qib berish funksiyalari ham mavjud. Shuningdek, Yandeks. Tarjimon fototarjimani ham qo‘llab-quvvatlaydi – fotosuratlardagi matnlarni tanib o‘qib, o‘girib bera oladi. Tarjima qilingan matnlarni elektron pochtaga, ijtimoiy tarmoqlarga va «bulutli» saqlagichga yuborish kabi imkoniyatlari ham bor.

Afzalliklari:

  • 90 ta til
  • Oflayn-rejim
  • Fototarjima
  • Internet-sahifalar tarjimasi

Yandeks. Tarjimonni Google Play rasmiy do‘konidan mana bu havola yordamida olib o‘rnatish mumkin.

3. Google Tarjimon

Android tizimidagi qurilmalar uchun chiqarilgan tarjimon-ilovalar orasida eng ko‘pfunksiyalisi shu bo‘lsa kerak. Bu – rasmdagi matnni real vaqt rejimida o‘girib beruvchi yagona dasturdir. Buning uchun ilovani yoqib, tegishli funksiyasiga o‘tib, kamerani o‘sha rasmga qaratish kifoya!

Shuningdek, qo‘lyozma tarzida kiritilgan so‘zlarni o‘qib anglash va o‘girish funksiyasi ham mavjud. 32 ta tildagi og‘zaki nutqni (va teskari yo‘nalishda) avtomatik tarjima qila olishi esa uning ustun jihatlaridan biri hisoblanadi. Istalgan tildagi tarjimalarni belgilab, saqlab qo‘yish imkoni mavjud – keyinchalik kerak bo‘lib qolganida foydalanish uchun.

Afzalliklari:

  • 103 ta til
  • 52 tildan va teskari yo‘nalishda oflayn tarjima
  • Kameradan bir lahzada o‘girish
  • Qo‘lyozmadan tanib o‘girish
  • Kengaytirilgan so‘zlashgich

Google. Tarjimonni qurilmangizga o‘rnatish uchun mana bu havoladan foydalanasiz.

4. Translate.Ru tarjimoni

Mazkur tarjima servisining Android uchun chiqarilgan ilovasi mualliflarining ta’kidlashicha, ular eng aniq tarjimani taqdim etishadi. Ularning bu da’vosiga ishonsa bo‘ladi, axir, dasturda aniq bir so‘zning u yoki bu sohada qo‘llanishidan kelib chiqqan holda taklif etiluvchi tarjimalarini ko‘rasiz.

Translate.Ru tarjimonida hatto grammatika, so‘zlarning turlanishi va tuslanishiga oid batafsil ma’lumotlar ham taqdim etiladi. Bir necha tillardagi so‘zlashgichlarni smartfoningizga yuklab olish imkoni ham mavjud.

Bu ilova, ayniqsa, ko‘pdan beri xorijiy tilni o‘rganib kelayotgan va yanada chuqurlashtirilgan tarjimani olishni istovchilarga juda qo‘l keladi. Tasvirlardagi matnlarni o‘girish, shuningdek, internet-sahifalar tarjimasi kabi funksiyalari ham bor.

Afzalliklari:

  • Fotosuratdagi matnni tanib, o‘girish
  • Istalgan ilovadan bir lahzada tarjima
  • Tarjima aniqligi uchun 18 ta mavzu
  • Ovozli matn kiritish va talaffuz
  • Roumingda trafikni tejash rejimi

Google Play rasmiy do‘konidan Translate.Ru tarjimonini ushbu havola orqali yuklab olish mumkin.

5. iTranslate

Agarda sizga murakkab tarjimalar emas, balki shunchaki oddiy va tezkor tarjimalar zarur bo‘ladigan bo‘lsa, Android-gadjetlar uchun ishlab chiqilgan iTranslate ilovasini tanlashingiz mumkin. Unda to‘qsondan oshiq tildan tarjima qilish imkoni bor, ularning yarmidan ko‘prog‘ida nutqni tanib o‘girish funksiyasi kiritilgan.

Dasturning sozlamalarida siz talaffuzning ovoz balandligini, uning tezligini sozlashingiz, erkak yoki ayol ovozini tanlashingiz mumkin. Avval tarjimasi so‘ralgan barcha so‘zlar so‘rovlar tarixida saqlanadi, tezlikda topish uchun ulardan keraklilarini «tanlanganlar»ga kiritib qo‘yishingiz mumkin.

Afzalliklari:

  • 90 dan ortiq tilni qo‘llab-quvvatlash
  • O‘girilgan jumlalarni ovoz chiqarib o‘qish
  • Tilning turli hududiy variantlari
  • Lug‘atlar, ko‘p ma’noli so‘zlarning izohlari va sinonimlari
  • Transliteratsiya va so‘rovlar tarixi

Android-devaysingizga iTranslate ilovasini mana bu havola yordamida ko‘chirib olib o‘rnatish imkoni mavjud.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!