Android uchun sentyabrdagi eng yaxshi ilovalar

  •   DiMaX
  •  3980
  •  05.10.2017 12:30

Android uchun sentyabrdagi eng yaxshi ilovalar

Smartfon va planshetlar uchun turli ilovalar hamisha chiqib, yangilanib turadi. Quyida Android platformasidagi qurilmalarga moslab ishlangan va o‘tgan oyda trendda bo‘lgan ayrim dasturlarning ro‘yxati hamda qisqacha tavsifini keltiramiz.

1. Mixer Create

Bu – Mixer servisining mobil talqini bo‘lgan ilovadir. Uning yordamida iOS yoki Android’da ishlovchi smartfonlardagi o‘yinlarni strim qilish mumkin. Faqat Apple qurilmalarida mazkur ilovaning ishlashida cheklov mavjud: o‘yin ReplayKit texnologiyasini qo‘llab-quvvatlashi lozim. Mixer Create’ning ichki chati ham mavjud bo‘lib, unda tomoshabinlar bilan muloqot qilsa bo‘ladi.

Mazkur ilovani mana bu manzildan yuklab olishingiz mumkin.

2. FeedlyReader

FeedlyReader ilovasi RSS-tasmalarni o‘qishga mo‘ljallangan eng yaxshi servislardan biri – Feedly’dagi sizning RSS-obunalaringizni sinxronlashga xizmat qiladi. Dastur maqolalarni to‘lig‘icha ko‘rsatadi, ularni brauzerda ochishga ehtiyoj qolmaydi. Kerakli materiallarni keyinchalik o‘qish uchun mo‘ljallangan (Pocket yoki Instapaper kabi) biror servisda saqlab qo‘yish imkoni ham bor.

FeedlyReader’ni ushbu ilova orqali qurilmangizga o‘rnatib olasiz.

3. Xiaomi «Kalkulyator»i

«Xitoycha Apple»ning MIUI operatsion tizimida taqdim etilgan bepul kalkulyator allaqachon Google Play do‘koniga ham chiqarilgan. Android 4.1 va undan keyingi tizim talqinlarida ishlaydigan mazkur ilova tashqi ko‘rinishi yaxshiligi va imkoniyatlari kengligi bilan ajralib turadi. Xiaomi «Kalkulyator»ida turli kattaliklarni – valyutalar, harorat va uzunlik ko‘rsatkichlarini o‘zaro konvertatsiya qilish mumkin. Bundan tashqari, unga hatto ipoteka bo‘yicha to‘lovlarni hisoblash va logarifmlarni yechish kabi funksiyalar ham kiritilgan.

Mazkur «Kalkulyator»ni mana bu havola yordamida ko‘chirib olish mumkin.

4. VR Girlfriend

VR Girlfriend ilovasi – syujetli o‘yin bo‘lib, uchrashuvlar simulyatoridir. U bir vaqtning o‘zida sodda va chiroyli hamdir. O‘yinda siz Paradise Island nomli jannatmonand orolga borgan fotograf rolidasiz va u yerda go‘zal bir qizni uchratib qolasiz... Xullas, hammasi shundan boshlanadi.

Mazkur o‘yinni mana bu havola orqali smartfoningizga o‘rnatib olsangiz bo‘ladi.

5. Pacifica

Pacifica ilovasi o‘z kayfiyatingizni o‘zingiz boshqarishingizga, qiyinchiliklarni yengib o‘tishingizga yordam beradi. U birato‘la bir necha jihozni o‘z ichiga oladi, ular orasida depressiyani, tushkunlikni va boshqa kasalliklarni davolashda qo‘llanuvchi kognitiv-xulq terapiyasi metodikasi ham bor.

Google Play do‘konidan bu dasturni ushbu havola orqali o‘rnatasiz.

6. HD MKS Live

Fazoviy manzaralarga qiziquvchilar uchun ajoyib topilma – HD MKS Live dasturidir. U o‘z smartfoningiz yo planshetingizdan Xalqaro kosmik stansiya kameralariga ulanish imkonini taqdim etadi. Siz real vaqt rejimida XKS kameralari orqali Yer sayyorasini kuzatishingiz, stansiyaning parvozini ko‘rishingiz mumkin. Ushbu ilovada ikkita kanal bor. Birinchisi XKSning tashqi videokameralari orqali tasvirlarni HD-video sifatida, musiqa jo‘rligida uzatib boradi. Ikkinchi kanal esa stansiyaning turli joylarida, jumladan, ichida ham o‘rnatilgan ko‘plab kameralarning biridan olinayotgan tasvirlarni 480p sifatida uzatadi.

Ilovani mana bu havola yordamida olib o‘rnatishingiz mumkin.

7. Shortcutter Quick Settings

Ushbu dastur smartfonning tezkor sozlamalari panelini kerakli plitkalar hamda ilovalarning yorliqlari bilan to‘ldirishga imkon beradi. Shortcutter Quick Settings mazkur panelga ko‘plab turli tizim funksiyalarini, pereklyuchatellar, yorliqlar va havolalarni qo‘sha oladi.

Bu ilovani Google Play’dan ushbu havola orqali ko‘chirib olasiz.

8. MAPS.ME

Internet ulanishini talab etmaydigan MAPS.ME – kartografik ilovadir. Uning oxirgi yangilanishida maxsus algoritm joriy etilgan, u xaritalardagi faqatgina o‘zgarishlar bo‘lgan uchastkalarni ko‘chirib olishga imkon beradi. Bu esa ayrim hollarda yuklanadigan ma’lumotlarning hajmi hatto o‘n martagacha qisqarishiga olib kelmoqda. Shuningdek, unda xaritadagi yo‘nalishlarga uchtagacha oraliq nuqtalarni qo‘shish imkoniyati ham paydo bo‘lgan va ularni o‘zaro o‘rin almashtirish ham oson.

MAPS.ME xarita-ilovasini yuklab olish uchun mana bu havola orqali o‘tasiz.

9. XOutOf10

Nomi g‘alatiroq bo‘lgan XOutOf10 ilovasi – Android boshqaruvi ostidagi istalgan smartfonning ekranida yangi iPhone X ekranidagi kabi datchiklar panelini hosil qila oladi. (Avvalroq shunga o‘xshash boshqa bir «ayfonlashtiruvchi» ilova – Smartphone upgrader 2017 haqida ham ma’lumot bergandik).

XOutOf10 dasturini mana bu havola orqali o‘tib, ko‘chirib olishingiz mumkin.

BeatBox

BeatBox audiopleyeri, birinchi navbatda, tashqi ko‘rinishi bilan kishini o‘ziga rom etadi. Dizaynerlar interfeys ustida jiddiy ishlashgan, tag‘in uni anchagina sodda va toza saqlashga ham erishishgan. Dasturning musiqa ijro etishi ham yuqori darajada, bunga esa yetti polosali ekvalayzer hamda past chastotalarni kuchaytiruvchi jihoz yordamida erishilgan.

Audiopleyerni o‘rnatib olish uchun ushbu havola yordamida Google Play’ga o‘tishingiz mumkin.