AnTuTu: Bugunning eng kuchli smartfonlari

AnTuTu: Bugunning eng kuchli smartfonlari

Mobil qurilmalarning protsessorlari samaradorligini baholashda jahonning taniqli resursi bo‘lgan AnTuTu benchmarki ayni paytda eng ilg‘or bo‘lgan Android-smartfonlar ro‘yxatini e’lon qildi.

Joriy yilning iyun oyi natijalariga ko‘ra, o‘yin ishqibozlariga mo‘ljallangan Xiaomi Black Shark smartfoni 287759 ball bilan reytingning mutloq chempioni bo‘ldi.

Black Shark ekrani diagonali 6 dyuymli, tasvir aniqligi esa Full HD+ formatida – 2160x1080 pikselli. Ushbu displey 120 gerslik kadr yangilanish chastotasiga ega. Shuningdek, u 550 kd/m2 darajada maksimal yorqinlikka egaligini alohida ta’kidlash o‘rinli.

Eng arzoni 480 AQSh dollari bo‘lgan Black Shark texnik xususiyatlari flagman darajasida: 8 yadroli ilg‘or Snapdragon 845 protsessori Adreno 630 grafik tezlatgichi bilan kuchaytirilgan. Telefon tezkor xotirasi 6 va 8 gigabayt, UFS 2.1 turiga mansub flesh-xotirasi esa 64 va 128 gigabayt hajmli talqinlarda chiqariladi. Akkumulyatori har ikkala holatda ham 4000 mA/soat sig‘imli, u Quick Charge 3.0 texnologiyasiga ko‘ra tezkor to‘ldiriladi. Xiaomi’ning ta’kidlashicha, bu batareya quvvati Kings of Glory (Arena of Valor) o‘yinini 5 soat yoki PUBG Mobile’ni 4 soat o‘ynashga yetadi!

Reytingda ikkinchi o‘rin esa 284227 ball to‘plagan Vivo Nex modeliga nasib qilgan. 

Vivo o‘zining yangi flagmanlarida diagonali 6.59 dyuymga teng bo‘lgan Super AMOLED displey qo‘llagan. Uning tasvir aniqligi 2316x1080 pikselni tashkil etadi. 

Uchlikni es OnePlus 6 yakunlagan. U 282275 ball to‘plagan.

Shu bilan birga, Android-smartfonlarning eng samarali smartfonlar "TOP 10"ligiga Xiaomi Mi 8, Smartisan Nut R1, Samsung Galaxy S9+, Xiaomi Mi Mix 2S, Samsung Galaxy S9, Sony Xperia Z2 hamda Nubia Red Magic kabi mobil telefonlar kiritilgan.

Aytish joizki, mazkur natijalar shartli hisoblanadi hamda Android qurilmalar joyi hamda vaziyatga qarab turlicha natijalar ko‘rsatishi mumkin.