Apple hukumatga yangi ayfonlar muhim funksiyadan mahrum bo‘lganini aytdi

Apple hukumatga yangi ayfonlar muhim funksiyadan mahrum bo‘lganini aytdi

Apple AQSh ning Aloqa bo‘yicha federal komissiyasiga ochiq maktub yo‘llab, iPhone smartfonlarida bundan keyin FM-radio moduli bo‘lmasligini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, Aloqa bo‘yicha federal komissiyasi Apple'dan ayfonlarda FM-radiolarni ishga tushirishni so‘ragan.

Gap shundaki, so‘nggi yillarda mamlakatda tez-tez kuzatilayotgan turli favqulodda hamda tabiat hodisalari vaqtida aholi bilan aloqa bog‘lashda, ularni vaziyatdan xabardor qilishda smartfonlardagi radio moduli ishonchli aloqa vositasiga aylangan. Shu bois, Federal komissiya barcha ishlab chiqaruvchilardan bu funksiyani yoqishni talab qilgan.

Apple esa o‘z javobida muxlislari xavfsizligi kompaniya uchun ham muhimligi, biroq so‘nggi avlod ayfonlarida radiomodulni yoqishning imkoni yo‘qligini ma’lum qilgan.

«Buning umuman imkoni yo‘q. iPhone 7 va iPhone 8 modellarida radio signallarini qabul qiluvchi chip va antenna yo‘q», – deydi Apple'ning marketing bo‘yicha vitse-prezidenti Fil Shiller.

Apple, shuningdek komissiya e’tiborini ayfondagi «Hukumat ogohlantiruvi» funksiyasiga qaratgan va zarur vaqtlarda uning yordamida aholini favqulodda vaziyatlarda ogohlantirish uchun radioefir o‘rnini bosishi mumkinligini aytgan.

FM-modulni iPhone 6s va undan oldingi modellarda ishga tushirish mumkin. Biroq, ishbilarmon "Olma" bundan manfaatdor emas. Boisi, kompaniya musiqiy va ko‘ngilochar Apple Music, Beats 1 xizmatlari hamda Apple Watch Series 3'ga mo‘ljallangan «Radio» ilovasidan katta daromad ko‘radi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.