Apple: "iPhone X — bu hali boshlanishi!"

Apple:

Apple bosh dizayneri Joni Ayv Yaponiyaning Brutus Casa nashriga ma’lum qilishicha, iPhone X kompaniya smartfonlariga xos dizaynning yangi davrini boshlab berdi.

«Ilgarilari ekran va korpusga alohida tarkibiy qismlar deb qaralgan bo‘lsa, bugun dizayndagi bu qarash batamom o‘zgardi. Biz endi bu ikkalasini birlashtirish, uyg‘unlashtirish haqida bosh qotirmoqdamiz. iPhone X dizaynini yaratish uchun bizga bir necha yil kerak bo‘ldi va biz oldimizda turgan maqsadni uddalay oldik. Bizda hali g‘oyalar ko‘p va biz ularni amalga oshirishga kirishganmiz. iPhone X — bu hali boshlanishi, yangi davrning muqaddimasi», deydi bosh dizayner.

Shuningdek, dizaynerning fikricha, katta mehnat sarf qilingan Face ID texnologiyasi foydalanuvchining qiyofasini yuqori aniqlikda taniy olishi bilan ham o‘ziga xos.

Qolaversa, Joni Ayv iPhone X flagmanining romsiz dizayni iPhone brendining 10 yillik yubileyiga aloqador emasligini ham qayd etgan. Uning ma’lum qilishicha, bu qurilmani yaratishga jamoaga 5 yil vaqt kerak bo‘lgan.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!