Apple noiloj o‘z aybini tan oldi

  •   DiMaX
  •  3465
  •  21.09.2017 18:02

Apple noiloj o‘z aybini tan oldi

Kupertinolik gigantning Apple Watch Series 3 smart-soatlari savdosi ertaga, 22 sentyabrdayoq boshlanadi. Biroq undagi maqtalgan asosiy yangilikda katta bir muammo mavjudligini kompaniya allaqachon tan oldi, deb yozadi The Verge.

Gap shundaki, «Olma» soatlarining uchinchi avlodi uyali tarmoqni qo‘llab-quvvatlaydi – avvalgi barcha «aqlli» soatlardan afzal tarzda, u mobil aloqa moduliga ega! Bu degani – endi smartfondan mustaqil ravishda, shu soatning o‘zidan aloqaga chiqish mumkin.

Ammo ishlab chiqaruvchini qiyin vaziyatga solgan jihat shundaki, yangi soati uyali aloqaning to‘rtinchi avlodi – LTE tarmog‘iga ulanishi bilan foydalanuvchilar muammolarga duch kela boshlashgan. Kompaniya rasman savdoga chiqarishdan avval, tavsiflab yozishlari uchun jurnalistlarga Apple Watch Series 3 namunalarini taqdim etgan edi. Muammo haqdagi shikoyat aynan shu jurnalistlardan tushgani esa masalaga panja orasidan qarab bo‘lmasligini bildiradi.

Jurnalistlarning so‘zlariga ko‘ra, smart-soatlar smartfondan uzoqroq joylashganida, uyali aloqa tarmog‘iga emas, balki noma’lum Wi-Fi tarmoqlariga ulanishga urinadi. Mazkur muammosi sababli nuqsonli deb topilib, almashtirib berilgan yangi soatlarda ham shu holat kuzatilgach, bu ommaviy «kasallik» ekani ma’lum bo‘lgan.

Natijada, Apple mazkur muammoni tan olib, rasmiy bayonot berishga majbur bo‘ldi:

«Biz shuni payqadikki, Apple Watch Series 3 autentifikatsiya qilinmagan Wi-Fi tarmoqlariga ulanishsiz qo‘shilganida, ba’zan bu holat soatning uyali aloqa tarmog‘iga ulanishiga to‘sqinlik qiladi».

Apple allaqachon bu muammoni hal etish ustida ish boshlagan va soatning dasturiy ta’minotini yangilashda bartaraf qilishni rejalashtirmoqda.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!