Apple Watch qotillikni fosh etishga yordam berdi

Apple Watch qotillikni fosh etishga yordam berdi

Avstraliyada politsiya tomonidan Apple Watch'dan qo‘lga kiritilgan ma’lumotlar qotillik bo‘yicha sud ishida dalil sifatida qo‘llanilmoqda.

Ushbu soat Mirna Nilson ismli ayol 2016 yili o‘ldirilganda uning qo‘lida bo‘lgan. Soatdan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Nilson xonim kelini Kerolayn Nilson tomonidan o‘ldirilgani gumon qilinmoqda. Oldinroq Kerolayn Nilson qaynonasi uyga bostirib kirgan bir guruh erkaklar tomonidan kaltaklangandan keyin hayotdan ko‘z yumganini da’vo qilgan edi.

Biroq Apple Watch'dagi ma’lumotlarga ko‘ra, Mirna Nilson kelini ko‘rsatma bergan vaqtdan bir necha soat oldin vafot etgani ma’lum bo‘ldi. Politsiya aslida Kerolayn Nilson qaynonasi uyga kelishini poylab, uyga kirgandan so‘ng hujum qilgan, degan taxminni ilgari surmoqda.

Kerolayn Nilson o‘z ko‘rsatmasida qaynonasi noma’lum mashinadagi bir guruh erkaklar tomonidan uygacha ta’qib etib kelinganini aytgan. Shundan so‘ng uy tashqarisida Mirna Nilson va erkaklar o‘rtasida janjal ko‘tarildi, deyiladi kelinning ko‘rsatmasida. Janjal 20 daqiqacha davom etadi va, oqibatda, Mirna Nilson uyga qochib kiradi. Uning ortidan quvib kirgan erkaklar oshxonada bo‘lgan kelinni bog‘lab, og‘ziga latta tiqib qo‘yadilar.

Soat 22.00 da og‘ziga latta tiqilgancha kirish eshigidan emaklab chiqayotgan Kerolayn Nilsonni ko‘rib qolgan qo‘shnisi zudlik bilan politsiyaga xabar beradi. Kerolayn Nilson yetib kelgan politsiyaga qaynonasi bir guruh erkaklar tomonidan vannaxonada urib o‘ldirilgani, bu vaqtda u bog‘lab qo‘yilgan bo‘lgani va qotillar ketishi bilan amallab, arqonni yechib tashqariga chiqqanini ma’lum qiladi.

Biroq voqea paytida marhumning qo‘lida bo‘lgan smart-soatdan olingan ma’lumotlarni o‘rganib chiqqan prokuror kelinning yuqoridagi ko‘rsatmalari yolg‘onligini ma’lum qilmoqda.

Ma’lumki, Apple iWatch'lar uni taqqan shaxsning qadamlari soni, harakat yo‘nalishi va yurak urishini tekshirib borish imkoniyatiga ega.

Prokurorga ko‘ra, soat egasining qotillik oldidan shokka tushishi va hushidan ketishi kabi barcha jarayonlarni yozib borgan.

Soatdagi ma’lumotlar marhum 18.38 da hujumga uchragani va 18.45 ga qadar joni uzilganini ko‘rsatmoqda, deyiladi prokuror hisobotida.

Bu marhum, kelini ko‘rsatma bergandek, 20 daqiqa shokka tushiradigan janjalni boshidan kechirmagani, uning hujumga uchrashi va joni uzilishi o‘rtasida atigi yetti daqiqa vaqt o‘tganligini anglatadi. Aks holda soat yurak urishining 20 daqiqa davom etgan janjal sababli tezlashganini yozib olgan bo‘lar edi.

Bundan tashqari Kerolayn Nilson soat 22.00 atrofida bosqinchilar uyni tark etgan, deb ko‘rsatma bergan edi. Soat esa marhumning joni bu vaqtdan kamida uch soat oldinroq uzilganligini ko‘rsatgan.

Hozircha Kerolayn Nilson garov evaziga ozod etilgan. Sud iyun oyida davom etadi.