“Aqlli ferma”: O‘zbekistonning qishloq tumanlarida meteostansiyalar o‘rnatiladi

“Aqlli ferma”: O‘zbekistonning qishloq tumanlarida meteostansiyalar o‘rnatiladi

SSP va BMTTD o‘rtasidagi “O‘zbekiston biznes-forumi (III-bosqich)” qo‘shma loyihasini amalga oshirish doirasida respublikadagi qator qishloq tumanlarida meteostansiyalar o‘rnatiladi, deb Uz24.uz yozmoqda. Mazkur tashabbusdan ko‘zlangan maqsad axborot texnologiyalarini qo‘llash, dehqonchilik jarayonlarini avtomatlashtirish, xo‘jalik boshqaruvi va rejalashtirishini maqbullashtirish orqali qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirishdan iborat.

Meteostansiyalardan foydalanishdagi afzalliklarga qaramay, bugungi kunda ular O‘zbekistonda u qadar keng qo‘llanmaydi. Loyiha doirasida Toshkent viloyatida to‘rtta meteostansiyaning o‘rnatilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ular 600 gektarga yaqin hududni hamda unda joylashgan o‘rtacha 60 ta bog‘dorchilik va uy xo‘jaliklarini qamrab oladi.

Fermerlar bog‘dorchilik sohasida konsalting xizmatlarini taqdim etadigan hamkor tashkilot yordamida telefonlarida meteorologiya ma’lumotlari hamda olma, shaftoli, gilos va uzum kabi mevali daraxtlar uchun ko‘rilishi kerak bo‘lgan zarur agrotexnik choralar ko‘rsatilgan sms-xabarlarni olishlari mumkin. Bundan tashqari, yirik fermer xo‘jaliklarini o‘z bog‘lari hududida meteostansiyalardan foydalanish bo‘yicha o‘qitish rejalashtirilgan.

Ta’kidlash kerakki, meteostansiyalarning ishlash mexanizmi ancha oddiy. Quyosh batareyalarida ishlaydigan meteostansiya muntazam ravishda vebsaytga axborot yuboradi. Foydalanuvchi shaxsiy kabinetiga kirib meteostansiyalarni boshqarishi, individual parametrlarni o‘rnatib, mahalliy sharoitlarga sozlashi, shuningdek, avvaldan tanlangan ekinlari uchun zararkunandalarga qarshi kurashishga oid profilaktika ishlarini o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar olishi mumkin.

Loyiha ekspertlarining aytishicha, meteostansiyalardan oqilona foydalanish o‘simliklar himoyasi va mehnat uchun haq to‘lash bilan bog‘liq harajatlarni sezilarli darajada kamaytiradi. Meteorologik ma’lumotlarning to‘planishi va monitoring qilinishi aniq hudud uchun mikroiqlimiy sharoitlarni aniqlash imkonini berib, agrotexnologiyalarning to‘g‘ri va samarali tanlanishiga xizmat qiladi.

Meteostansiyalar o‘rnatilishi – “smart farm” (“aqlli ferma”) g‘oyasini amalga oshiish yo‘lidagi dastlabki qadam bo‘lib, unda xo‘jalik, jumladan chorvachilik yuritishning to‘liq avtomatlashtirilgan jarayoni ko‘zda tutiladi. Mazkur tashabbusning O‘zbekistondagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi va sifatini oshirish maqsadida axborot texnologiyalarini qo‘llash orqali aniq dehqonchilikni rivojlantirish uchun asos yaratishi kutilmoqda.

Ushbu loyiha Janubiy Afrikaning “Sasol” kompaniyasi moliyaviy ko‘magida amalga oshirilmoqda.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!