Aqlli kolonka emas: Nothing o'zining yangi avlod simsiz quloqchinlarini taqdim qildi!

Aqlli kolonka emas: Nothing o'zining yangi avlod simsiz quloqchinlarini taqdim qildi!

Yaqinda Nothing kompaniyasi o'zining yangi mahsulotini taqdim qilishi va u aqlli kolonka bo'lishi haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Biroq, endilikda ma'lum bo'lishicha, bu kompaniyaning yangi avlod simsiz quloqchlari – ear (2) ekanligi ma'lum bo'ldi.

Texnologiya mavzusida videolar chiqaradigan taniqli YouTuber'larga taqlid qilgan holda qiziqarli qilib tayyorlangan ear (2) taqdimoti davomida Nothing rahbari, Karl Pey, o'zlarining yangi quloqchlarini ishlab chiqarishda asosiy e'tibor ovoz sifatiga qaratilganligini ta'kidlaydi. Buning uchun ular bu safar tayyor drayverlardan emas, balki o'zlaring bassni yaxshiroq yetkazib beradigan qalinroq va moslashuvchan materiallardan tayyorlangan drayverlarini ishlab chiqarganligini aytadi.

Ear (2)'ning eng e'tiborli xususiyatlaridan biri shundaki, ularni endi bir vaqtning o'zida ikkita qurilmaga ulash mumkin. Masalan, quloqchinlardan ularni ham noutbukingizda, ham telefoningizga ulagan holda foydalana olasiz. Bunda noutbuk orqali musiqa tinglayotgan vaqtingizda telefoningizga qo'ng'iroq qilib qolishsa, quloqchinlar avtomatik tarzda smartfonga o'tadi.

Foto: Nothing

Shuningdek, ear (2) moslashtirilgan ovoz profiliga ham ega bo'lgan. Bunda esa siz Nothing X ilovasida tezkor sinovdan o'tish orqali quloqchinlarni kalibrlash, ya'ni ulardan chiqayotgan ovozni o'zingizga moslab olishingiz mumkin bo'ladi.

Foto: Nothing

Qolaversa, ear (2) endi LHDC 5.0 texnologiyasini ham qo'llab-quvvatlaydi. Bu esa sizga audiolarni Hi-Res formatida strim qilish imkonini beradi. Bundan tashqari, quloqchinlar atrofingizdagi shovqinlarni bekor qiluvchi ANC (40dB) funksiyasiga ham ega va u uch xil: yengil, maksimum va shaffof rejimlarida ishlaydi. Ularni ham Nothing X ilovasi orqali boshqara olasiz.

Foto: Nothing

Mikrofon va vintlar joyi o'zgarganligini hisobga olmasak, dizayn borasida o'zgarishlar deyarli yo'q va avvalgi shaffof stil saqlab qolingan. Karl Pey dizayn borasida shunday deydi: "Biz uchun juda ham muhim bo'lgan yana bir narsa bu ramziy dizayn: hatto Nothing logotipini ko'rmaganingizda ham siz darhol buni o'sha brenddan ekanligini bilasiz".

Foto: Nothing

Ta'kidlash joizki, ear (2) quloqchinlari suv va changdan himoya uchun IP54, ularning keysi esa IP55 sertifikatiga ega.

Nothing ear (2) batareya borasida 33 mA/soat quvvatga ega va bu bilan siz ulardan ANC yoniq holatida uzluksiz 4 soat, ANC o'chiq bo'lganda esa 6 soat-u 20 daqiqa foydalanishingiz mumkin. Quvvat keysi esa 485 mA/soat hajmli batareyani o'z ichiga oladi. Bu esa sizga quloqchinlardan ANC bilan 22.5 soat, u o'chirilgan holda esa 36 soat foydalanishga imkon beradi. Agar keys quvvati tugab qolsa, uni 10 Vt tezlikda simli yoki 2.5 Vt tezlikda simsiz zaryadlash mumkin. Keysni 10 daqiqaga tezkor quvvatlashning o'zi sizga quloqchinlardan ANC'siz 8 soat foydalanish imkonini beradi.

Foto: Nothing

Nothing ear (2) simsiz quloqchinlari global bozorga 149 dollar, 149 yevro yoki 129 funt narxlarda taqdim qilingan va hozirda ularga oldindan buyurtma berish boshlangan. Sotuvlar 28-martdan boshlanishi kutilmoqda.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!