Atigi 155 dollarlik, ammo «kemtik»li ekran va qo‘sh kameraga ega Redmi 6’ni ish holatidagi «jonli» suratlarda ko‘ring!

  •   DiMaX
  •  4212
  •  23.05.2018 17:15

Atigi 155 dollarlik, ammo «kemtik»li ekran va qo‘sh kameraga ega Redmi 6’ni ish holatidagi «jonli» suratlarda ko‘ring!

Xiaomi kompaniyasi o‘zining hamyonbop smartfonlar turkumiga mansub Redmi 5 modelini nisbatan yaqinda – o‘tgan yilning dekabrida taqdim etgan edi. Bu va hatto undan keyin namoyish etilgan bir qator modellar ham allaqachon O‘zbekiston bozorlariga kelib ulgurgan.

O‘QING: Yaqindagina taqdim etilgan Xiaomi Redmi S2 ham «Malika»ga yetib keldi, shu va Redmi Note 5 Pro smartfonlari narxlari bilan tanishing (2018 yil 23 may)

Ushbu turkumdagi navbatdagi smartfon – Redmi 6 modeli esa yanada ilg‘or bo‘lishi kutilayotir. Bugun internet kengliklarida tarqalgan quyidagi suratlar ayni shu gadjetga tegishli, deya taxmin qilishmoqda.

Ko‘rib turganingizdek, displeyning tepa qismi o‘rtasida «o‘yiq» mavjud. Qizig‘i shundaki, hozirgacha bunday dizayn asosan qimmatbaho smartfonlarda qo‘llanib kelayotgandi, Redmi esa hamyonbop turkum hisoblanadi.

Ushbu «kemtik»da old kamera va yaqinlashuv datchigi, ular o‘rtasida esa kichik hajmli suhbatlashuv dinamigi chiroyli joylashgan.

Suratdagi qurilma – smartfonning savdoga chiqariladigan modeli emas, balki prototipi bo‘lsa kerak. Ekranning yuqori qismidagi axborot panelida yozuvlarning noto‘g‘ri ko‘rinib qolgani, shuningdek, MIUI talqini aks ettirilmagani ham shundan dalolat berayotir. Ehtimol, bu model Xiaomi’ning grafik qobig‘i so‘nggi talqini – MIUI bilan taqdim etilar.

O‘QING: Xiaomi o‘z smartfonlari uchun MIUI 10 talqinining taqdimot sanasini aytdi

Redmi 6 modeli deya taxmin qilinayotgan bu devaysning daktiloskopik datchigi orqa panelning markazida joylashgan. Yuqori chap burchakda esa qo‘shaloq asosiy kamera modullari va ular orasida fotochaqnoq tikka blok shaklida joylashgan. Xiaomi’ning so‘nggi modellari – Redmi Note 5, Redmi S2 hamda Mi Mix 2S smartfonlarida ham xuddi shunday yechim qo‘llangan.

Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, Redmi 6 smartfoni diagonali 6 dyuymga teng, tasvir formati HD+ bo‘lgan ekran bilan jihozlanadi. Uning tezkorligini sakkiz yadroli Qualcomm Snapdragon 625 protsessori hamda 3 gigabaytlik tezkor xotira ta’minlab beradi. Unga 999 yuan miqdorida narx belgilanishi kutilayotir, bu esa 155 AQSh dollariga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, Xiaomi o‘zining Redmi 6 modelini ham 31 may kuni, Mi 7 va Mi 8 flagman smartfonlari bilan birga taqdim etishi mumkin.

O‘QING: Xiaomi biryo‘la ikkita – Mi 7 hamda Mi 8 flagmanlarini tayyorlabdi, ularning old panelini «jonli» tomosha qilamiz!