Axborot texnologiyalari vazirligi 5151 ta murojaatni qabul qildi

Axborot texnologiyalari vazirligi 5151 ta murojaatni qabul qildi

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish sohasi mamlakatimizda eng yirik auditoriyaga xizmat ko‘rsatuvchi tizimlardan biri hisoblanadi. Jumladan, 21,5 million nafar mobil aloqa, 16 million nafar internet, pochta va raqamli televideniye, simli telefon aloqasi foydalanuvchilariga sifatli xizmat ko‘rsatish, iste’molchilar bilan yaqindan ishlash soha oldidagi dolzarb vazifa. Bu to‘g‘rida vazirlik saytida xabar qilinmoqda.

Tabiiyki, u yoki bu xizmat bo‘yicha foydalanuvchilar  kunora sohaga daxldor muammo yoki masalaga duch kelishadi. Jumladan, 2017 yilning boshidan O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga 5151 ta fuqaro murojaatlari kelib tushgan. Ulardan 4500 ta murojaat qayta ishlangan, fuqarolarni qiynayotgan masala va muammolar yaqindan o‘rganilib hal qilingan. Shuningdek, ayni paytda 250 ta murojaat  o‘rganish jarayonida turibdi. Vazir va vazir o‘rinbosarlari tomonidan 8 ta viloyatda cayyor qabullar o‘tkazilib, 85 tadan ortiq jismoniy va yuridik shaxslarning masalalari qabullar chog‘ida ko‘rib chiqildi.

Tahlillarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, murojaatlarning 3858 tasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi, 920 ta murojaat Vazir virtual qabulxonasi, 320 tasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali, 53 tasi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Ishonch telefoni orqali kelib tushgan.

Vazirlik hududlarda aholini qiynayotgan masala va tizimda mavjud kamchiliklarni bartaraf qilishda muammolarning joylarda hal qilinishiga diqqatini qaratmoqda. Xususan, hududlarda Xalq qabulxonalarining  tashkil qilinishi evaziga murojaatlar ular orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri soha korxonalariga kelib tushmoqda. Bu murojaatlar bilan ishlash tizimini samarali tashkil qilinishi sohaning hududlarda faoliyat ko‘rsatayotgan rahbar va mas’ul xodimlarining bilim-ko‘nikmasiga daxldor.

Shu munosabat bilan, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi o‘z tizimidagi muassasalarning hududiy bo‘linmalari uchun qabul qilinayotgan murojaatlar, jumladan Xalq qabulxonalari orqali kelib tushayotgan murojaatlar bilan samarali ishlashni tashkil qilishga bag‘ishlangan o‘quv-seminarlarni tashkil etmoqda.

Xususan, 12-15 iyunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Buxoro, Navoiy va Samarqand viloyatlarida o‘tkazilgan o‘quvlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga eng ustuvor masala sifatida yondashish va doimiy nazoratga olish zarurligi qayd etildi.

Taqdimotlarda ariza va shikoyatlarning qabul qilinishidan boshlab, ularga javob yo‘llashgacha bo‘lgan jarayonning bosqichlari va tashkil qilinishi, texnik va huquqiy talablari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

Har bir rahbar va mas’ul xodimga fuqaro murojaatlarini amaliy tahlil qilish, mazmun-mohiyatini puxta anglagan holda ularga asosli yechim topish, shuningdek eng ko‘p duch kelinayotgan kamchiliklarni tizimli bartaraf qilish yo‘llarini ko‘rish vazifasi yuklandi.

Agar sizni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi bilan bog‘liq biror masala qiynayotgan bo‘lsa, vazirlikning 8-800-200-41-07 raqamidagi Ishonch telefoniga ma’lum qiling yoki murojaat.mitc.uz manzili orqali O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziriga murojaat yuboring.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!