Axborot texnologiyalari vazirligi litsenziyalashda qator hujjatlarni bekor qilmoqda

Axborot texnologiyalari vazirligi litsenziyalashda qator hujjatlarni bekor qilmoqda

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi “Telekommunikatsiya sohasida litsenziyalash faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasini ishlab chiqmoqda. Qaror loyihasida tadbirkorlarga telekommunikatsiya sohasida litsenziya olishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish nazarda tutilgan. Bu to‘g‘rida vazirlik saytida xabar qilinmoqda.

Hujjatda tadbirkorlik sub’yektlari haq-huqulari va manfaatlarini aks ettirish uchun qarorni tayyorlash jarayonida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, xulosa va hujjatlarni to‘plash bilan bog‘liq yuzaga kelayotgan muammolar muhokama qilindi. Shularni hisobga olgan holda, hujjat loyihasida telekommunikatsiya sohasida litsenziya olish jarayonida talab etiladigan quyidagi bir qator xulosaviy hujjatlar topshirilishini bekor qilish reja qilinmoqda:

1) Yong‘in xavfsizligi organlari tomonidan yong‘in xavfsizli me’yorlariga muvofiqligini tasdiqlovchi xulosa;

2) Davlat sanitariya nazorati organlaridan sanitariya qoidalari va me’yorlariga muvofiqligini tasdiqlovchi xulosa;

3) Oliy ta’lim to‘g‘risidagi diplom hamda mutaxassislarning loyihalash va telekommunikatsiya tarmoqlari qurilishi bo‘yicha ishlaganligini tasdiqlovchi mehnat daftarchasidan nusxa.

Shuningdek, mamlakat rahbariyati tomonidan litsenziyani rasmiylashtirish va ruxsat berish jarayonlarini bosqichma-bosqich ravishda “yagona oyna” markazlariga o‘tkazish bo‘yicha yuklatilgan vazifalarni bajarish maqsadida, 2017 yilning 1 iyunidan boshlab shaxsiy tarmoq (internet-klub) qurmasdan turib, ma’lumotlarni uzatish tarmoqlari provayderining xizmatlarini ko‘rsatish uchun litsenziyani rasmiylashtirish “yagona oyna” va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi.

Qolaversa, tadbirkorlar uchun yaratilgan qo‘shimcha qulayliklar qatoriga 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab shaxsiy tarmoq (internet-klub) qurmasdan turib, ma’lumotlarni uzatish tarmoqlari provayderining xizmatlarini ko‘rsatish uchun litsenziyani rasmiylashtirish elektron shaklda amalga oshirilishini aytish mumkin.

Qarorning qabul qilinishi:

– litsenziyani rasmiylashtirishda ortiqcha to‘siqlarni bartarf qilish, ularni elektron  shaklda rasmiylashtirish;

– litsenziyalash jarayonini soddalashtirish;

– litsenziya faoliyati turidan kelib chiqib, litsenziya olish uchun talab etiladigan hujjatlar sonini maksimal qisqartirishga olib keladi.

“Telekommunikatsiya sohasida litsenziyalash faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi bilan Me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish portalida tanishish, uni takomillashtirishda ishtirok etish hamda muhokama qilish mumkin.