Barmoq izi skaneri ekranning o‘ziga joylangan ilk smartfon taqdimotiga atigi bir oy qoldi!

  •   DiMaX
  •  1753
  •  13.12.2017 11:54

Barmoq izi skaneri ekranning o‘ziga joylangan ilk smartfon taqdimotiga atigi bir oy qoldi!

Ekrani old panelni to‘liq egallagan smartfonlar trendga chiqqach, daktiloskopik skanerni shu displeyning o‘ziga o‘rnatish texnologiyasi ustida ham ishlar jadallashdi. Bu borada ilk amaliy natijalarni turli yetakchi smartfonsozlardan kutishdi, biroq shu paytgacha birorta flagmanda mazkur texnologiyani ko‘rmadik. Kecha esa Synaptics kompaniyasi Clear ID FS9500 – barmoq izini optik yo‘l bilan skanerlovchi datchiklarni ommaviy ishlab chiqara boshlaganini e’lon qildi.

O‘QING: Mutlaqo romsiz smartfonni umuman tanilmagan bir kompaniya yaratdi (+video)

Bunday sensorlar asosan romsiz ekranli smartfonlarda qo‘llanadi va displeyning ostiga joylanadi. Mazkur skaner ekran bilan integratsiyalashadi va kerakli paytda faollashadi.

Ishlab chiqaruvchining so‘zlariga ko‘ra, foydalanuvchining shaxsini tasdiqlashning boshqa usullariga qaraganda Clear ID datchigi tezroq ishlaydi. Shuningdek, SentryPoint texnologiyasi evaziga u yuqori darajada ishonchlilikni ham ta’minlaydi. Foydalanuvchi smartfon ekraniga tegishi bilan u biometrik autentifikatsiyani amalga oshiradi, deyiladi xabarda.

To‘g‘ri, ekranga o‘rnatiladigan daktiloskopik datchik haqida turli xabarlar, suratlar tarqalmoqda, biroq shu paytgacha mazkur texnologiya ommaviy joriy etilgan birorta ham qurilma rasman namoyish qilinmagan.

O‘QING: Apple va Samsung uddalay olmagan texnologiyani Vivo amalga oshirdi

Synaptics va’dasiga qaraganda, Clear ID sensoriga ega, iste’molchilar uchun ommaviy ishlab chiqariladigan birinchi smartfon taqdimotiga ham juda oz vaqt qolgan. Kelasi yilning 9–12 yanvar kunlari Las-Vegas shahrida bo‘lib o‘tadigan CES 2018 ko‘rgazmasidayoq shunday qurilmani rasman namoyish etishadi. Tadbirga esa bir oydan ozroq vaqt qolgan, demak, uni kutish uchun yana bitta sabab bor!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!