Bill Geyts Microsoft rahbarligidan ketdi

Bill Geyts Microsoft rahbarligidan ketdi

Microsoft kompaniyasi hamasoschisi Bill Geyts filantropik faoliyatga ko‘proq e’tibor qaratish maqsadida kompaniyaning direktorlar kengashini tark etdi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.

Milliarder butun dunyo aholisi salomatligi va rivojlanishi, ta’lim hamda iqlim o‘zgarishi masalalariga e’tibor qaratmoqchi.

65 yoshli Geyts Uorren Baffetning Berkshire Hattaway xolding kompaniyasi direktorlar kengashini ham tark etdi. Texnogigant asoschisi 2008-yilda Microsoft'ning kunlik boshqaruvidagi faoliyatini to‘xtatgan edi.

Hozirgi qaroriga to‘xtalar ekan, Geyts Microsoft har doim u uchun muhim bo‘lgani hamda uning boshqaruviga hissa qo‘shishda davom etishini ta’kidlab, quyidagilarni aytib o‘tdi:

«Navbatdagi ushbu bosqichni men o‘zim uchun eng muhim bo‘lgan do‘stlarim va hamkorlarim bilan aloqani saqlab qolish uchun imkon sifatida bilaman. Meni juda ham faxrlantiruvchi ikki kompaniyaga o‘z hissamni qo‘shishda davom etgan holda asosiy e’tiborimni dunyoning eng murakkab muammolariga qaratmoqchiman».

Forbes Bill Geytsni Amazon asoschisi Jeff Bezosdan keyingi dunyoning ikkinchi eng boy odami, deb e’lon qilgan. Uning boyligi 103.6 milliard dollar deb taxmin qilinadi. Geyts bu daromadlarini shaxsiy kompyuterlar uchun dasturiy ta’minot yaratish orqali qo‘lga kiritgan.

Garvard universitetida o‘qib yurgan talaba Geyts o‘qishni tashlab, yoshlikdagi do‘sti Pol Allen bilan birgalikda Microsoft'ga asos solish uchun Nyu-meksiko shtatining Albukerke shahriga ko‘chib keladi.

MS-DOS deb nomlangan operatsion tizimni yaratish uchun 1980-yilda IBM bilan tuzilgan shartnoma ikki yosh dasturchi uchun ulkan burilish bo‘ldi.

1986-yilga kelib Microsoft aksiyalarini sota boshladi va oradan bir yil o‘tgach 31 yoshli Bill Geyts dunyoning eng yosh milliarderiga aylandi.

2004-yildan boshlab Geyts Berkshire kompaniyasi direktorlar kengashi a’zosi bo‘lib kelgandi, lekin oxirgi yillarda asosiy vaqtini turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda asos solgan Bill & Melinda Gates Foundation fondiga sarflab kelayotgandi.

Ushbu fondga 2017-yida 4.8 milliard dollar xayriya qilganidan so‘ng juftlik 2018-yilda Filantropiya Xronikasi tomonidan AQSHning eng saxiy filantroplari, deb e’lon qilingan.

O‘QING: Microsoft haqida qiziqarli 12 fakt

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!