Bitta Galaxy S8’dan Samsung qancha foyda olishi hisoblandi

Bitta Galaxy S8’dan Samsung qancha foyda olishi hisoblandi

Tinib-tinchimagan ekspertlar Samsung Electronics kompaniyasi sotilgan Galaxy S8’ning har bir donasidan 100 ming von, ya’ni 88,2 AQSh dollaridan foyda ko‘rishini hisoblab chiqdilar. Ayni paytda janubiy koreyalik IT-gigantning bu flagmani 935 ming von, ya’ni 823 dollardan sotilmoqda. Telefon apparati Janubiy Koreya va AQSh erkin smartfon bozoriga bugun — 21 apreldan chiqarildi.

IHS marketing va tadqiqotlar markazining hisob-kitoblariga ko‘ra, 64 gigabaytli doimiy xotiraga ega Galaxy S8 talqinining tannarxining o‘zi 307,5 AQSh dollarini tashkil qiladi. Galaxy S8’ning tannarxini hisoblashda IHS Markit hamda Samsung tomonidan taqdim qilingan ma’lumotlar asos qilib olingan.

Samsung nafaqat smartfonning butlovchi qismlariga, shuningdek marketing va smartfonni ommalashtirishga xizmat qiladigan boshqa tashkiliy ishlarga ham juda katta miqdorda mablag‘ sarflashi ma’lum. Bu jihat ham smartfon tannarxining oshishiga sabab bo‘ladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Samsung kompaniyasi Galaxy S8’dan 50 mln dona sotishi mumkin va bundan kompaniya 3,5 dan 5 trln von, ya’ni 3,08-4,4 mlrd AQSh dollarigacha foyda oladi.

Avvalroq Samsung Galaxy S8 smartfoni birgina Janubiy Koreyaning o‘zida 1 million dona avvaldan buyurtma qilingan va bu mamlakat uchun ham, kompaniya smartfonlari orasida ham rekord ko‘rsatkich.