BlackBerry KEY2 taqdim qilindi

BlackBerry KEY2 taqdim qilindi

Va nihoyat, smartfon sanoatida o‘tmishning yorqin jihati bilan uyg‘unlashtirilgan ilg‘or "aqlli telefon" taqdim qilindi. BlackBerry KEY2 deb nomlangan zamonaviy telefon o‘zidagi to‘liq hajmli klaviaturasi bilan ajralib turadi. Bu klavishlarda matn terish yoki turli amallarni bajarish mumkin. Aytish kerakki, mobil qurilma displeyi sensorli. Smartfon Android operatsion tizimi boshqaruvida faoliyat ko‘rsatadi.

2018 yilning 7 iyunida tashkil qilingan namoyishda BlackBerry KEY2 nomli flagman smartfon taqdim qilindi. Ishlab chiqaruvchining so‘zlariga ko‘ra, ikkinchi avlod telefoni hisoblangan ushbu modelning klaviaturasidagi tugmalar 20% ga kattalashgan. Endi matn terish va ulardan foydalanish yanada qulay. Tugmalar sirti dag‘al xomashyodan tayyorlangan. Bu esa matn terish tezkorligini oshiradi.

Albatta smartfon yana boshqa qator o‘ziga xosliklari bilan ajralib turadi – qo‘sh sensorli bosh kamerasi hamda turli amallarni tezkor bajarishga yordam beradigan Speed Key nomli alohida maxsus tugmacha. Sozlamalarda bu tugma orqali qaysi funksiyani tezkor bajarishni foydalanuvchining o‘zi tanlaydi. Buning uchun o‘ttizdan oshiq amallar bor. Bu tugma ham klaviaturadan o‘rin egallagan.

Texnik jihatlarga ham to‘xtalib o‘tish joiz. BlackBerry KEY2 bu borada bugungi smartfonlardan ortda qolmaydi. Telefon 4,5 dyuymli, IPS matritsali, 1620 ga 1080 pikselli, shuningdek tomonlari 3:2 nisbatli ekranga ega bo‘lgan.

Smartfon samaradorligi uchun 8 yadroli Qualcomm Snapdragon 660 protsessori javobgar. Uning chastota intervali 2,0 GGs.

Devays 6 gigabaytli tezkor hamda 64/128 GB hajmdagi doimiy xotiraga ega bo‘lgan.

Bosh kameradagi sensorlarning har biri 12 megapikselli. Old kameraga esa 8 megapikselli datchik o‘rnatilgan.

BlackBerry KEY2 akkumulyator batareyasining tok sig‘imi 3500 mA soat va uni Quick Charge 3.0 standarti bo‘yicha tezkor quvvatlash mumkin.

Uzunchoq «Probel» tugmasida esa barmoq izi skaneri joylashgan.

Smartfon qadoqdayoq Android 8.1 Oreo operatsion tizimi boshqaruvida faoliyat ko‘rsatadi. Yangi yilga qadar uning Android 9.0 P tizimiga o‘tkazilishi ma’lum qilingan.

BlackBerry KEY2 qora hamda kumush rang korpusda ishlab chiqariladi. Uni iyun oyidan boshlab $649 (6/64 GB) boshlab xarid qilish mumkin.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!