Bluetooth Mash: ma’lumot almashishning yangi standarti taqdim qilindi

Bluetooth Mash: ma’lumot almashishning yangi standarti taqdim qilindi

Simsiz ma’lumotlar uzatish texnologiyasini rivojlantiruvchi Bluetooth SIG kompaniyasi Bluetooth standartining ko‘p tarmoqli ma’lumotlar almashishga asoslangan yangi formatini taqdim qildi.

Yangi Bluetooth Mash standartida ma’lumot almashish ko‘p xonali virtual tarmoqda, ya’ni bir necha elektronika vositalari orqali amalga oshiriladi. Bunda ma’lumotlar kerakli manzilga tarmoqdagi boshqa gadjetlar orqali yetib boradi.

Misol uchun, Bluetooth Mash standartida siz xonangizdagi kompyuter yoki biror gadjetdan boshqa xonadagi devayslarga ma’lumot tashlamoqchi bo‘lsangiz, ma’lumotni yetib borishida oraliqdagi boshqa gadjetlar -- smartfon, planshet, kompyuter yoki Bluetooth texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydigan boshqa qurilmalar ham yordamlashadilar.  

«Aqlli uy» texnologiyasi uchun ayni muddao

Bluetooth Mash, xususan "buyumlar interneti" (IoT) uchun ayni muddao. Bunda uydagi bir-biridan uzoqda joylashgan "aqlli" jihozlarning datchik va sensorlari markaziy tarmoq yordamida o‘zaro tezkor ma’lumot almashish imkoniga ega bo‘ladilar. Ma’lumotning "qo‘lma-qo‘l" uzatilishi o‘z navbatida "buyumlar interneti" jihozlarining kamroq quvvat sarflashi va akkumulyatorining uzoqqa yetishiga ham xizmat qiladi.

Shuningdek, Bluetooth Mash standarti alohida protsessorni talab qilmaydi va Bluetooth 4.0 va 5.0'ni qo‘llab-quvvatlaydigan barcha gadjetlarda ishlaydi. Shu bilan birga, uning dasturini elektron qurilmalarga yuklab olish kerak bo‘ladi. Hozircha kompaniya gadjetlar ishlab chiqaruvchi muassasalar bilan tarmoqni muvofiqlashtirish bo‘yicha hamkorlik olib bormoqda.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!