Bluetooth orqali ulangan smartfon yo planshetni kompyuter «ko‘rmasa» nima qilamiz?

  •   DiMaX
  •  1797
  •  29.08.2017 11:41

Bluetooth orqali ulangan smartfon yo planshetni kompyuter «ko‘rmasa» nima qilamiz?

Mobil gadjetni kompyuterga ulab, ular orasida fayllarni o‘tkazish va boshqa amallarni bajarishning ikki yo‘li ommalashgan: USB-kabel yordamida hamda Bluetooth interfeysi orqali bog‘lash. Lekin ba’zida turli sabablarga ko‘ra kompyuter o‘ziga ulangan qurilmani «tanimay» qolishi hollari uchraydi.

USB-kabel orqali ulangandagi muammolarni hal qilish bo‘yicha tavsiyalarni mana bu maqolamizdan ko‘rib olishingiz mumkin. Bluetooth-ulanishda kompyuter devaysni «ko‘rmasa», u holda quyidagi ko‘rsatmalarni xuddi shu tartibi bo‘yicha bajarish sizga qo‘l keladi. Birinchisi ish bermasa ikkinchisiga o‘tasiz, uning ham foydasi bo‘lmasa – uchinchisini qilib ko‘rasiz va hokazo.

1. Har ikkala qurilmada ham Bluetooth yoqilganligi hamda sozlamalarida boshqa gadjetlar uchun «ko‘rinarli» rejimda ekanligiga ishonch hosil qiling. ESLATMA: iOS operatsion tizimli mobil devayslarda bu sozlamalar «Boshqaruv nuqtasi» («Punkt upravleniya»)dagi AirDrop xizmati tarkibiga kiradi.

2. Ulash kerak bo‘lgan planshet yoki smartfonni kompyuterga yaqin joylashtiring va so‘ng yana bog‘lashga harakat qiling.

3. Kompyuterni va mobil qurilmani o‘chirib-yoqing, keyin qaytadan urinib ko‘ring.

4. Agarda avval ham ayni shu qurilmalarni Bluetooth orqali o‘zaro ulash ishlarini muvaffaqiyatli amalga oshirgan bo‘lsangiz, Bluetooth sozlamalarida saqlanib qolgan mana shu bog‘lanmani o‘chirib tashlang. Shundan keyin qaytadan ulab ko‘ring.

5. Kompyuterdagi Bluetooth ishiga javobgar bo‘lgan drayverlarni yangilab, yana bir bor urinib ko‘ring.

6. Har ikkala gadjetdagi operatsion tizimlarni eng so‘nggi faol versiyasigacha yangilang va qaytadan bog‘lab ko‘ring.

Ulashning muqobil yo‘llari

Agarda mobil qurilmangizni USB-kabel orqali ham, Bluetooth interfeysi yordamida ham kompyuterga ulash imkoni bo‘lmasa, buning muqobil (alternativ) usullaridan foydalanib ko‘ring.

 Masalan, kompyuter hamda mobil gadjetlardagi fayllarni internet yordamida o‘zaro almashtirishga yordam beruvchi servislar mavjud. Deylik, AirDroid, Pushbullet singari servislar, shuningdek, Google Drive, OneDrive yoki Dropbox kabi «bulutli» saqlagichlar bunda juda qo‘l keladi. Agarda internetga bog‘lanishda muammo bo‘lmasa, mana shu usullardan foydalanib, fayllar almashish mumkin.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!