Boyning ko‘ngli yoki Bill Geyts xonadonidagi 10 buyum

Boyning ko‘ngli yoki Bill Geyts xonadonidagi 10 buyum

Jahonning №1 raqamli dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchi kompaniyasi bo‘lmish Microsoft asoschisi Bill Geyts naq 17 yil davomida sayyoramizning eng badavlat kishisi deya e’tirof etilgan. Bu yil esa Amazon egasi bu nomni undan olib qo‘ydi. Biroq janob Geyts turmush tarzi, dunyoqarashi hamda fe’l-atvori bilan jahon miqyosida hanuz yuqori nufuzga ega. Uning qiziqishlari, bilim doirasida sarhadsiz, turmush tarzi qiziqarli. Quyida Bill Geyts egalik qiluvchi, narxi 60 mln dollargacha bo‘lgan 10 ta buyum to‘g‘risida ma’lumot bermoqchimiz.

Bill Geyts istiqomat qilayotgan xonadon bunyod bo‘lishi uchun 7 yil hamda 63 mln dollar kerak bo‘lgan. Texnologik magnat, shuningdek mol-mulki uchun 1 mln dollar soliq to‘laydi. Ma’lumotlarga qaraganda, uning xonadonining hozirgi qiymati 130,54 mln dollarni tashkil qiladi.

Bill Geyts xonadoni ham texnologik imkoniyatlar bilan yanada o‘ziga xos. Uning devorlaridagi san’at asarlari birgina tugmani bosish orqali almashadi.

Sensor ekranga aylangan devorlar navbati bilan eng go‘zal surat va manzaralarni namoyish qiladi.

Bill Geyts uyidagi ulkan basseyn ham suvosti musiqiy tizim bilan ta’minlangan.

Microsoft asoschisining xonadonidagi bahaybat batut joylashgan xona shiftining balandligi 6 metrga yetadi.

Bill Geytsning uyida jahondagi eng yaxshi kutubxonalaridan mavjud. Bu kitoblar makoni 700 kvadrta metr maydonni egallagan. U ko‘p o‘qigani uchun ham jahondagi boylikning katta qismiga egalik qilishini anglasangiz kerak.

Uning kutubxonasida Leonardo da Vinchining 16-asrga taalluqli "Lester kodeksi" nomli asarining qo‘lyozmasi saqlanadi. Bill Geyts uni 1994 yilda 30,8 mln dollarga xarid qilgan.

Shubha yo‘qki, bunday ulkan uyda Geyts uy kinoteatrini ham tashkil qilgan. Ar-deko uslubidagi kinoteatrda ko‘ngli popkorn tusagan tomoshabinga shirinlikni maxss mashina olib kelib beradi. Kinoteatr 20 kishilik.

Bill Geyts xonadoni hududida sun’iy hovuz hamda plyaj ham bor. Hovuzda losos hamda dayor gulmohilari emin-erkin suzib yurishadi. Plyaj uchun qum esa shaxsan Geyts nazoratida Sent-Lyusi kurortidan keltiriladi.

Bill Geyts san’atni qadrini biladi. Uning shaxsiy kolleksiyasi havasga sazovor. Uning dong‘i Microsoft kompaniyasining mashhurligidan qolishmaydi.

Bu kolleksiyada Uinslou Xomer ijodiga mansub "Lost on the Grand Banks" nomli taniqli kartina ham bor. Bu surat uchun Bill Geyts 36 mln dollar sarflagan. Yana bir san’at asari – "Polo Crowd" (Jorj Bellouza) 28 mln dollarga xarid qilingan.

Bill Geytsning shaxsiy samolyoti ham bor. Bombardier BD-700 ayni paytda ham Boeing 737 BBJ, Gulfstream V hamda Airbus ACJ319 kabi yuqori imkoniyatli korporativ samolyotlar bilan ham raqobat qila oladi.

Microsoft asoschisi avtomobillarni ham xush ko‘radi. Zamonaviy va retro avtomobillarni to‘plash janob Geytsga xos. Misol uchun, uning avtomobillar kolleksiyasida 1988 yilda ishlab chiqarilgan Porsche 959 Coupe, Porsche 911 Carrera hamda Porsche 930 kabi mashinalar bor.

Bill Geyts hayotini o‘rganar ekansiz, o‘qib-izlanish, mehnat va fidoyilik insonni farovonlikka boshlashiga guvoh bo‘lasiz. Sizga ham shunday munosib umr nasib qilsin!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!