Bu yil qanday iPhone’lar chiqishi aniq bo‘ldi

  •   DiMaX
  •  2073
  •  20.01.2018 17:58

Bu yil qanday  iPhone’lar chiqishi aniq bo‘ldi

Apple olamining eng nufuzli tahlilchisi 2018 yilning kuzida qanday iPhone modellari chiqishini aytdi. KGI Securities kompaniyasi vakili Ming-Chi Kuo (Ming-Chi Kuo) e’lon qilgan dokladga ko‘ra, sentyabrda kupertinolik gigant yana uchta smartfon taqdim etadi: 6,1 dyuymlik, suyuq kristalli displeyga ega iPhone, 5,8 va 6,5 dyuymlik OLED-displeyli ikkita iPhone.

O‘QING: Nihoyat, endi iPhone’lar ham ikkita SIM-kartali bo‘ladi!

Tahlilchining so‘zlariga ko‘ra, yangi smartfonlar «haqiqiy supersikl»ni boshlab beradi. Ta’kidlash kerakki, Ming-Chi Kuo bir yil avval xuddi shu tarzda iPhone 8, iPhone 8 Plus hamda iPhone X taqdim etilishini va ularning asosiy xususiyatlarini prognoz qilgan va bu to‘g‘ri chiqqandi.

Yana uchta iPhone

Ming-Chi Kuo prognoziga ko‘ra, diagonali 6,1 dyuymga teng suyuq kristalli iPhone yangi modellar orasida eng arzoni bo‘ladi. Dizayniga ko‘ra u iPhone X’ga o‘xshaydi. Shu tariqa, Apple smartfonlarining iPhone 6-8 uslubidagi qiyofasi o‘tmishga aylanadi.

5,8 dyuymlik OLED-displeyga ega iPhone esa bevosita iPhone X’ning izdoshi bo‘ladi. Ehtimol, uning narxi ham oshmasdan, 1000 AQSh dollaridan boshlanishi mumkin. Diagonali 6,5 dyuymga teng model esa «iPhone X Plus» deb nomlanadi; u iPhone X’ning barcha xususiyatlaridan tashqari, kattaroq displey va yanada kuchli kameraga ega bo‘ladi.

O‘QING: iPhone X va boshqa ayfonlarning so‘mdagi narxlari (2018 yil 13 yanvar)

Kupertinolikka omad kulib boqadi

Kuo ishonadiki, yangi iPhone’lar ko‘plab turli sabablarga ko‘ra juda ommalashadi. Birinchi navbatda, Apple sotuvlarining haqiqiy supersikli aynan 2018 yilda boshlanadi. Smartfonlarning eski dizaynidan butkul voz kechish hamda yangi – iPhone X uslubiga o‘tish ham savdoga ijobiy ta’sir etadi. Ayfonlar ommalashuvining yana bir asosiy sababi butkul yangilangan, yangi dizaynda bo‘lsa ham iPhone X’dan arzon 6,1 dyuymli iPhone chiqarilishi bo‘ladi.

Bularning natijasida, deydi Kuo, bu yil smartfonlar savdosidan Apple oladigan daromad taxminan 10 foizga o‘sadi. Boshqa tahlilchilar kupertinolik gigantning smartfonlari savdosi bu yil 5 foizga o‘sishi yoki 5 foizga kamayishini prognoz qilmoqdalar. Ammo KGI Securities mutaxassisiga ishonch ko‘proq, zero, keyingi bir necha yil mobaynida u aniq chiquvchi prognozlari bilan shuhrat qozongan.

O‘QING: Samsung, Apple, Xiaomi va Huawei har bir smartfondan qancha sof daromad ko‘radi?

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!