Bugun “naushnik”, ertaga quloq apparati…

Bugun “naushnik”, ertaga quloq apparati…

Naushnik (o‘zbekchasiga – quloqchin) – juda qulay narsa. Biroq yoshlikdan naushnik bilan oshno bo‘lganlarda 30 yoshga kelib, eshitish o‘tkirligi xuddi 60 yosh odamnikidek bo‘lib qoladi.

Eshitish ham pasayar borgan sari…

Musiqani baland ovozda qanchalik uzoq eshitsangiz – eshitish yomonlashadi. Eshitish yomonlashgani sari ovoz balandligini yana ham ko‘tarishga to‘g‘ri keladi. Shunday qilib eshitishi borgan sari pasayib ketaveradi. Albatta, vaqt o‘tishi bilan odamning eshitish o‘tkirligi tiklanadi. Lekin buning uchun ma’lum muddatgacha naushnikdan foydalanmaslik kerak.

Tovush qanchalik baland bo‘lsa, uning eshtishga ta’siri shunchalik kuchli bo‘ladi. Odam uchun bezarar bo‘lgan tovush darajasi 60 Db gacha. Misol uchun tinch xonada o‘tirganda odam 3 db gacha bo‘lgan tovushlarni eshitadi. Shovqinsiz xonada suhbatlashganda tovush balandligi 40 Dbgacha ko‘tariladi. Bundan baland tovushlar sizga zararli ta’sir ko‘rsatadi. Ko‘chadagi shovqin 70 Db ga, metro shovqini 80 Db ga, uchib ketayotgan samolyot shovqini 120 Db ga teng.

Naushniklardagi shovqin esa 110 Db ga teng. Ularni kun davomida taqib yurmang. Sababi, keyinchalik sizga eshitish apparati kerak bo‘lib qolishi mumkin.

Xavfsizlik qoidalari:

1. Musiqani eshitishda maksimal tovush balandligining 60% dan foydalaning.

2. Agar yoningizdagi odam siz eshitayotgan musiqani ilg‘ay olsa, demak, siz me’yordan ko‘ra, balandroq tovushda musiqa eshitmoqdasiz. Tovush balandligini pasaytiring.

3. Naushnik taqqaningizda, atrofdagilarning ovozi butunlay eshitilmay qolyaptimi? Demak, bu holatda ham siz me’yorni oshirib yuboryapsiz.

4. Sifatli naushnik sotib oling.

5. Ko‘chada, ayniqsa mashinalar qatnaydigan yo‘llarni kesib o‘tayotganda, naushnikni yechib qo‘ying. Bu sizning xavfsizligingiz uchun juda muhimdir.

6. Naushniklardan bir kunda 1 soatdan ortiqroq foydalanmang.

Manba: Darakchi.uz

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!