Bugun taqdim etiladigan iPhone 7 nimalarni va’da qilmoqda?

Bugun taqdim etiladigan iPhone 7 nimalarni va’da qilmoqda?

 

Bugun – 2016 yilning 7 sentyabr kuni, Toshkent vaqti bilan taxminan 22:00 da  Apple San-Fransiskodagi Bill Graham Sivik Anjumanlar zalida “7” raqamiga ega yangi iPhone modelini  namoyish qiladi. iPhone 7 hamda uning yirikroq — iPhone 7 Plus talqini “ajdodlari”dan farq qiluvchi ultrayupqa ko‘rinishdagi dizaynga va boshqa ilg‘or ustunliklarga ega bo‘ladi. Shuningdek, iPhone 7 avvalgi ayfonlar akkumulyatoridan 12,5% ga ko‘proq quvvat sig‘imiga ega “quvvat toshi” bilan ta’minlanadi. Unga yangicha — ilg‘orlashgan 12 megapikselli kamera o‘rnatiladi. Internet tarmog‘ida yangi ayfon haqidagi mish-mishlar, taxmin va mulohazalar bolalab ketdi. Kechda – hammasiga oydinlik kiritilguniga qadar sizning e’tiboringizga ular orasidagi eng ishonchli manbaalardan olingan ma’lumotlarni taqdim etamiz.

iPhone7

O‘lcham va dizayn

Ayfon qurilmasiga xos har bir yangi konsepsiya e’tiborni tortgan. Jumladan, tasdiqlanmagan fotosurat va videolardan ko‘rish mumkinki, iPhone 7 dizayni va platforma yechimi ham o‘ziga xos.

Bazaviy talqin o‘lchamlari: 138,30×67,12×7,1 mm, iPhone 7 Plus – 158,22×77,94×7,3 mm. iPhone 6s hamda 6s Plus o‘lchamlari millimetrigacha bir xil edi. Yangi ayfonda esa bu jihat farqli. Kamera atrofidagi metall halqa yo‘qolganini hisobga olmasa, qurilma dizayni o‘zgarmagan.  Yaxshi bir yangilik: smartfon korpusi uning suvga bardoshli ekanini tasdiqlaydigan IP68 sertifikatiga ega bo‘ladi.

Flagman ekrani atrofi 2,5D turidagi himoya va bezak shishasiga ega bo‘ladi. Natijada, uni yagona qo‘lda boshqarish oson bo‘ladi. Apple kompaniyasi iPhone 7’da 3,5 mm audio portni olib tashlashi haqidagi xabar deyarli o‘z isbotini topgan. Smartfon kosmik kulrang, kumush, tilla, pushti-tilla rang korpus talqinlarida ishlab chiqariladi.

iPhone7

Platforma va samaradorlik

Oyning yettinchi kuni taqdim etilayotgan iPhone 4 yadroli 64 bitli A10 protsessoriga ega bo‘ladi. Uning chastota tezligi 14 nanometrli texnik jarayonda amalga oshuvchi 2,4 GGs. Apple protsessorlari yadrosi 8 yoki chastota tezligi bundan 2 marta katta bo‘lgan chastotaga ega bo‘lgan smartfonlardan ham tezroq ishlash qobiliyatiga ega. Boisi, kompaniya platforma ta’minot dasturlarini operatsion tizimi ta’minot dasturlari bilan optimallashtirishga katta e’tibor qaratadi. Ayfon protsessordagi 14 nanometrli texnik jarayon uning samaradorligini yanada oshiradi. Shu bilan birga, bu texnologiya protsessorning qizib ketmasligi hamda chastota tezligini ko‘tarmasdan turib energotejamkorligini ta’minlaydi. Natijada, biz yanada tezkor platforma tizimi faoliyatiga guvoh bo‘lamiz.  Bu borada iPhone 6S bilan farq sezilarli darajada yuqori bo‘ladi.

Ba’zi manbaalarda, FinFET-tranzistorlari va InFO (Integrated Fan-Out) texnologiyasiga ega sovutish tizimiga ega protsessor platformasi samaradorligini 20% ga oshirishi ham yozilmoqda.

Ayfon 7 operativ xotirasi iPhone 6S’niki kabi – 2 GB bo‘ladi. To‘g‘ri, Androidlar 3-4 GB tezkor xotiraga ega bo‘layotgan bir vaqtda, ayfonning bu qarori bir oz ajablanarli bo‘lishi mumkin. Lekin, dasturiy ta’minot tizimi apparat ta’minoti, ya’ni platforma tizimi bilan qanchalik nomuvofiq kelsa, kompaniyalar samaradorlikni aynan tezkor xotira sig‘imini ko‘tarish orqali ko‘taradilar. Aytib o‘tganimizdek, “Olma” smartfoni bu kamchilikka ega emas. Uning ichki va tashqi ilova-dasturlari o‘zaro uyg‘un. Ma’lum qilinishicha, iPhone 7 Plus flagmanida 3 GB tezkor xotira mavjud bo‘ladi.

iPhone 7 smartfoni 32 GB, 64 GB va 128 GB hajmli doimiy ichki xotiraga ega bo‘ladi. iPhone 7 modeli va talqinidan kelib chiqib, iOS 10 operatsion tizimi boshqaruvida faoliyat ko‘rsatadi. Bu esa uning akkumulyator faoliyatini uzaytirib, yanada samarali ishlashiga xizmat qiladi.

iPhone7

Displey

iPhone 7 Plus telefoni iPhone 6s kabi 5,5 dyuymli, Retina HD – ekranga, iPhone 7 flagmani 4,7 dyuymli ekranga ega bo‘ladi.

Apple yirik displeyli smartfonlar ishlab chiqarishni  korporatsiya rahbari Stiv Jobs tirikligidayoq tajriba sifatida sinab ko‘rayotgan edi. Shundan boshlab smartfon ekranlari o‘sishda davom etmoqda. Ekspertlar so‘nggi ayfon — “SE”da iPhone 6s’da mavjud 3D Touch texnologiyasining joriy qilinmaganini qattiq tanqid ostiga olishgan edi. iPhone 7 displeyida esa 3D Touch texnologiyasi tatbiq etiladi. Ya’ni, sensor displey bilan barmoq zarbining darajasi yordamida aloqaga kirishish mumkin.

iPhone 7 konsepsiyasiga ko‘ra, uning displeyida foydalanuvchi shaxsini aniqlaydigan Touch ID tizimining datchigi o‘rnatilgan bo‘ladi.

Ba’zi ma’lumotlarga qaraganda, yangi ayfonda yangi “Sonovation” texnologiyasi sinab ko‘riladi. Ushbu texnologiya  “Sonovation” kompaniyasi mahsuloti bo‘lib,  endi barmoq izlari skaneri iPhone hamda iPad’ning displeyidan o‘rin oladi. Ya’ni, endi muayyan joyni emas, displeyning xohlagan nuqtasiga barmoqni tekkizish orqali smartfon yoki planshetning tekshiruv tizimidan o‘tish mumkin. Aynan shu texnologiya iPhone 7’ga “Home” bosh tugmasidan xalos bo‘lish imkoniyatini beradi.

iPhone7

Kamera

“7” raqamli ayfon kamerasi smartfon bozorida raqobatga dosh berishi maqsadida, uning sezilarli  darajada ilg‘orlashgani aytilmoqda. iPhone 6S kabi uning sig‘imi ham 12 megapikselli. Yangi gadjet ham yorug‘lik past sharoitda yaxshi video tasvir olish imkoniga ega Quad Full HD texnologiyasi bilan ta’minlangan. Quad Full HD texnologiyasining o‘ziga xos jihati sifatida iPhone 7’ning 4K sig‘imli video tasvirga olish ko‘nikmasi e’tirof etilmoqda. Ha, uning yordamida 3840×2160 piksel sig‘imli, har sekundda 60 kadr chastotali video yozib olishingiz mumkin. “Aqlli telefon”ning 5 MP old kamerasi ham ushbu texnologiya bilan ta’minlangan. Ya’ni, u ham sekundiga chastota tezligi 60 kadr, sig‘imi 2 MP bo‘lgan video tasvir yoza oladi.

iPhone 7 Plus esa qo‘sh bosh kameraga ega bo‘ladi. Ikki matritsa va 2 ob’yektiv yagona tizimga biriktirilgan. Ekspertlarning aytishicha, kuchli fokuslash tizimiga ega kameralarda olingan suratlar sifati professional kameralarnikidan qolishmaydi.

12 megapikselli matritsa ustidagi ob’yektiv suratni optik barqarorlashtirish tizimiga ega bo‘ladi. Boshqa kamera esa kuchli optik yaqinlashtirish ob’yektiviga ega. Bu esa olingan suratning detallarga boy bo‘lishini ta’minlaydi. Old kamera 5 MP, f/2.2 diafragmaga ega.

Ekspertlarning aytishicha, kuchli fokuslash tizimiga ega kameralarda olingan suratlar sifati professional kameralarnikidan qolishmaydi.

iPhone7

Interfeys

Yangi iPhone 7 smartfonidagi yana bir o‘ziga xoslikning eSIM texnologiyasi bo‘lishi kutilmoqda. Bu texnologiya yagona elektron sim-kartadan foydalanish va jismoniy sim-kartadan voz kechishni taklif qiladi. Foydalanuvchilarning smartfonga biror nima o‘rnatishlariga hojat qolmaydi. Boisi, u yerda Apple’ning o‘zining elektron sim-kartasi bo‘ladi.

Shu bilan birga, ayni paytda simsiz quvvat oldirish texnologiyasi ham rivojlanmoqda. Navbatdagi iPhone 7 gadjetining ham bu muhim jihatga ega bo‘lishi aytilmoqda. Agar Apple simsiz quvvatlash texnologiyasini o‘rnatsa, natijada kompaniya qurilmadagi Lightning konnektoridan voz kechiladi. Bu esa korpus dizayni va boshqa imkoniyat uchun ayni muddao.

Xo‘sh, sim-karta, “Home” tugmasi, korpusda porti yo‘q qurilmani yaratishdan maqsad nima? Agar biz bu uchala tuynukning ham smartfon ichkarisiga suv o‘tkazishi mumkinligini hisobga olsak, unda kompaniya suv ta’siriga bardoshli korpus ustida bosh qotirayotgan ko‘rinadi. Shu bilan birga, iPhone 7 yanada yupqa korpus, keng displeyga ega bo‘ladi.

Ilg‘or ayfon kommunikatsiya imkoniyatlari ham yuqori: GSM, CDMA, EDGE (2G), UMTS (3G), LTE (4G), Wi-Fi, Bluetooth 4.2, NFC.

iPhone7

Narx-navo

Kupertinolik “Olma” bu gal narx-navo masalasida bir oz xaridorlar foydasiga yon bergan ko‘rinadi. 2015 yilda Apple kompaniyasi iPhone 6S narxini oshirmadi. Garchi, yangi flagman smartfonda nisbatan qimmat va yuqori sifatli detallardan foydalanilgan bo‘lsa ham.

Shu taxlit, ayfon 7 gadjetining taxminiy eng past narxi 650 AQSh dollari bo‘lishi kutilmoqda. Bu – 32 GB model narxi, shuningdek, 64 GB talqin 750 dollar, hamda 128 GB doimiy xotiraga ega talqinning 850 dollardan sotilishi kutilmoqda.

Tahlilchilar 2016 yilning oxiriga qadar Apple’ning jami 65 mln dona smartfon sotishini taxmin qilishmoqda. Bu esa 2015 yilning shu davrida sotilgan iPhone 6s smartfoni miqdori – 82 million donadan ancha kam.

Bugun taqdim etilishi kutilayotgan Ayfon 7’ning yuqoridagi tavsifi jahonning taniqli TechCrunch, The Verge va CNET axborot texnologiyalari nashrlari taqdim etgan, kompaniya tomonidan tasdiqlanmagan ma’lumotlar asosida tayyorlangan. U qisman kompaniya bugun ma’lum qiladigan ma’lumotlardan farq qilishi mumkin. Bizni kuzatishda davom eting.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!