Buklamafonlar bozorida yangi "o'yinchi": Google o'zining ilk buklamafonini rasman taqdim qilindi!

Buklamafonlar bozorida yangi

Pixel 7a smartfoni va Pixel Tablet planshetini taqdim qilgandan so'ng, Google o'zining I/O 2023 konferensiyasini anchadan beri mish-mish qilib kelinayotgan Pixel Fold bilan yakunladi. Kompaniya uzunquloq xabarlarga nuqta qo'ydi va o'zining ilk buklamafonini rasman taqdim qildi.

Pixel Fold buklamafonlar bozoriga eng so'nggi qo'shilgan "o'yinchilar"dan bo'lib, o'z nomidan ma'lumki, u kitob stilida buklanadi, ochilib-yopiladi. Tashqi ko'rinish borasida buklamafon Pixel smartfonlari dizaynini o'zlashtirgan: orqa tomonda siz qurilmaning uchlik kameralari va LED chirog'ini o'z ichiga olgan uzun kamera maydonini ko'rishingiz mumkin.

Metalldan yasalgan ushbu kamera oroli Pixel smartfonlarida bo'lganidan farqli o'laroq qurilma yon tomonlariga birlashib ketmagan, ehtimol, buklamafon oshiq-moshiqlariga xalaqit bermaslik uchun ajralib turadi. Buklamafon oshiq-moshiqlariga to'xtalib o'tadigan bo'lsak, ular 180 gradus oralig'idagi turli xil pozitsiyalarni qo'llab-quvvatlaydi, ya'ni siz buklamafonni 180 gradus oralig'idagi istalgan burchakda buklangan holda qoldirishingiz mumkin. Tashqi tomonda, shuningdek, buklamafon oddiy smartfon ekraniga ega va uning yuqori markazida teshikli tirqishda selfi kamera joylashgan.

Buklamafon yopiq turgan holatidagi o'ng tomonidan ovoz baland-pastligini boshqarish tugmalari va barmoq izi skaneri integratsiyalashtirilgan Quvvat tugmasi o'rin olgan. Buklamafonni ochganingizda esa siz go'yoki kichik planshetga ega bo'lasiz. Ichki katta ekran qalinroq ramka bilan o'ralgan bo'lib, buklamafon o'ng qismining yuqori ramkasida ikkinchi selfi kamera o'rnatilgan.

Texnik xususiyatlarga keladigan bo'lsak, Google Pixel Fold buklanganida 139.7×79.5×12.1 mm, buklanmagan holatda esa 139.7×158.7×5.8 mm o'lchamda bo'lib, uning og'irligi 283 grammni tashkil qiladi. Uning tanasi IPX8 bilan suvga chidamli (changga emas) deb topilgan.

Buklamafon tashqi ekrani 5.8 dyuymli 120 gerts yangilanish tezligiga ega, 1080×2092 piksel rezolyutsiyasidagi OLED displey bo'lib, u 1550 nit maksimal yorqinlikka chiqa oladi. U Corning Gorilla Glass Victus bilan himoyalangan. Ichki ekranga o'tadigan bo'lsak u 7.6 dyuymli 120 gerts yangilanish tezligiga ega, 2208×1840 rezolyutsiyadagi OLED displey bo'lib, u 1450 nit maksimal yorqinlikka chiqa oladi va u Ultra Thin Glass, hamda, plastik himoya qatlami bilan qoplangan.

Kameralarga keladigan bo'lsak, orqa tomonda ular uchta: bitta 48 MP asosiy va ikkita 10.8 MP ultra-keng hamda telefoto sensorlar. Ularga LDAF (lazerni avtomatik aniqlash) sensori hamrohlik qiladi. Selfi kameralari ikkita: tashqi ekranga o'rnatilgani 9.5 MP, ichki ekrandagisi esa 8 MP. 

Pixel Fold buklamafoni ham Google'ning Tensor G2 chipseti va Titan M2 xavfsizlik protsessori bilan jihozlangan bo'lib, u 12 GB (LPDDR5) operativ xotirada va 256 yoki 512 GB (UFS 3.1) doimiy xotirada Android 13 bilan ishlaydi. Uning 4821 mA/soat batareyasini 30 Vt tezlikda zaryadlash mumkin. Qolaversa, buklamafonda simsiz zaryadlash ham qo'llab-quvvatlanadi. 

Aloqa va ulanish borasida 5G, Wi-Fi 6E, Bluetooth 5.2 va USB Type-C 3.2 Gen 2 texnologiyalaridan foydalanilgan. Qo'shimchasiga qurilmada NFC, stereo dinamiklar va uch mikrofonlar bor.

Pixel Fold buklamafoni uchun oldindan buyurtma berish boshlangan va uni yetkazib berish keyingi oydan boshlanadi. Uning narxi 1799 dollar bo'lib, afsuski, u faqat to'rtta: AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya va Yaponiyada sotuvga chiqariladi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!