Business Insider: Starlink'ning interneti yomon ob-havo sharoitida ham tezkor internetni ta’minlab beradi

Business Insider: Starlink'ning interneti yomon ob-havo sharoitida ham tezkor internetni ta’minlab beradi

Ilon Maskning Starlink loyihasi haqida ilgari ham xabar bergan edik. Ma’lumot uchun, Starlink orbitadan turib Yerga internet xizmatini uzatuvchi 900 ta sun’iy yo‘ldosh tarmog‘i hisoblanadi.

Business Insider nashri foydalanuvchilar Starlink interneti kuchli qor yog‘sa ham, shiddatli shamol essa ham ishlayotganini aytgani haqida yozmoqda.

SpaceX'ning «Yo‘qdan ko‘ra yaxshiroq beta» sinovi foydalanuvchilari Starlink terminali ekstremal ob-havo sharoitlarida ham ishlashi aks etgan rasm va videolarni Reddit tarmog‘idagi Starlink guruhiga joylashdi.

Terminal yoki «tayoq ustidagi NUJ» Starlink to‘plamining bir qismidir. To‘plam tarkibiga, shuningdek, shtativ, 499 dollarlik Wi-Fi router va oylik 99 dollar narxdagi obuna kiradi.

Ommaviy beta testi foydalanuvchilariga 26-oktabrda jo‘natilgan email xabarda kompaniya Starlink'ning o‘rtacha internet tezligi 50—150 Mbit/sek. bo‘lishini ma’lum qilgandi.

O‘tgan hafta foydalanuvchilar tarmoqda qoldirgan xabarlarga qaraganda, Starlink internet tezligiga nam yoki shamolli ob-havo sezilarli darajada ta’sir o‘tkazmaydi.

To‘plamni qabul qilayotib SpaceX bilan imzolagan shartnomaga ko‘ra, foydalanuvchilar o‘z shaxsiyatini oshkor qilishlari mumkin emas.

AQSh shimolida yashovchi foydalanuvchilardan birining Business Insider'ga ma’lum qilishicha, Starlink interneti tezligi -11° C haroratda o‘rtacha 20 Mbit/sek. ga tezlashgan. «Bugun ertalabdan beri tezlik 175 Mbit/sek. atrofida bo‘ldi, oldinlari esa 150–160 atrofida edi», deydi foydalanuvchi.

Noyabr oyida foydalanuvchilarning deyarli barchasi o‘zidagi internet tezligi 150 Mbit/sek. dan yuqori bo‘lganini ma’lum qilishmoqda.

Tarmoqdan yuklash tezligi borasida hozirgacha qayd qilingan eng yuqori ko‘rsatkich Siyetl shahrida bo‘lib, 208.63 Mbit/sek. ni tashkil etmoqda.

Foydalanuvchi, shuningdek, teplovizorda olingan oltita tasvirlarni ham joylagan. Rasmlardan ko‘rinishicha, terminal sathi harorati 0° — 4° C darajada atrofida. Bundan tushunish mumkinki, terminal ustiga tushgan qorni eritib yuboradi.

Boshqa bir Reddit foydalanuvchisi tomi ustiga o‘rnatilgan Starlink terminali atrofidagi haroratni o‘lchayotgani aks etgan videoni tarmoqqa joylagan.

Videoda foydalanuvchi qo‘lidagi termometr tashqaridagi harorat -4° — +4° C (24.5° — 39.3° F) ekanini ko‘rsatib turibdi, biroq terminal, foydalanuvchi so‘zlariga ko‘ra, «atrofdagi to‘rt dyuym masofada qor bo‘lmasligi uchun yetarlicha darajada qiziyotgan» bo‘lgan.

Foydalanuvchi Business Insider bilan intervyuda yana shuni ma’lum qilganki, uning uyida ko‘plab elektron qurilmalar, jumladan, oltita leptop, oltita smartfon, uchta Xbox, ikkita planshet va bitta uy kompyuteri bor, lekin qor boshlanganidan buyon tezlik borasida hech qanday o‘zgarish sezilmagan.

Biroq ba’zilarning aytishicha, terminal ustiga juda ko‘p qor yog‘ganda internet tezligi sekinlashmoqda.

Qo‘shma Shtatlar shimolida yashovchi yana bir foydalanuvchi 80 km/soat tezlikdagi qor bo‘roni boshlanishidan oldin shtativini mustahkamlab qo‘yganini, yerni bir soat ichida taxminan 7.5 sm qalinlikdagi qor qoplaganini va Starlink ilovasi aloqa sifati pastligini ko‘rsatganini aytdi.

Foydalanuvchining so‘zlariga ko‘ra, o‘sha sharoitda, avvaliga, tarmoqdan yuklash tezligi 20—30 Mbit/sek. ga, tarmoqqa yuklash tezligi esa 3—4 Mbit/sek. ga tushib qolgan.

«Qor kuchli yog‘ib, terminal ustini qoplab olganda tarmoqning kechikishi yuqoriroq, tezlik esa kamroq bo‘ldi, lekin ko‘p o‘tmay yana tezlik oshdi. Hozir tarmoqdan yuklash tezligi o‘rtacha 100 [Mbit/sek.], tarmoqqa yuklash tezligi esa 15 [Mbit/sek.] atrofida. Chekka joylarda yashaydigan va oldida boshqa variant bo‘lmaganlar uchun bu orzu», deydi u.

O‘QING: Ilon Mask xursand: Starlink interneti endi o‘z kuchini ko‘rsatdi!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!