CES 2018: Dunyoning eng ilg‘or mobil protsessori mukofotlandi

CES 2018: Dunyoning eng ilg‘or mobil protsessori mukofotlandi

Samsung Exynos 9810 chipini noyabr oyining boshlarida taqdim qilgan edi. Kompaniya uning jihatlari xususida kecha Las-Vegasda o‘tayotgan xalqaro ko‘rgazma doirasida batafsil ma’lumot berdi.

Exynos 9810 chipi ma’lumotlarni 10 nanometrli texnik jarayonda, 2-avlod FinFET texnologiyasi yordamida qayta ishlaydi. Protsessordagi ikki klasterning har birida 4 tadan yadro bor: ulardan biri 2,9 GGs chastota tezligida ishlasa, ikkinchi klaster smartfonnning kam quvvat yeyishi uchun zarur chora-tadbirlarni ko‘radi. Yangicha texnologik me’moriy yechim hisobiga yangi protsessor yadrosi bir yadroli rejimda oladigan natija avvalgi chiplar ko‘p yadroli rejimda oladigan samaradorlikdan ham 40% yuqori.

Protsessor deep learning, ya’ni "chuqur o‘rganish" tizimida yaratilgan. Undagi neyronli tarmoqda "aqlli tizim" joriy qilingan va protsessor mustaqil ravishda o‘z-o‘zini o‘qitib boradi. Misol uchun, bu texnologiya suratdagi odamlar va buyumlarni tanib qoladi, kerak vaqtda ularni topib beradi, avtomat tarzda kataloglashtiradi. Shu bilan birga, bu chip qiyofani 3D skaner qilish texnologiyasini ham qo‘llab-quvvatlaydi. Yuz, barmoq izi hamda ko‘zning rangdor pardasiga oid ma’lumotlar xavfsizlikka javob beradigan alohida yordamchi chipda saqlanadi.

Exynos 9810 modemi 1,2 Gbit/sekund tezligida ishlaydigan jahondagi ilk chip. Ko‘p formatli MFC kodeklay olish ko‘nikmasi hisobiga, bu chipda video hamda fotosurat sifati keskin oshadi. Natijada, yangi smartfonlarda soniyasiga 120 kadrdan iborat 4K videolar yozish mumkin.

10 bitli HEVC formati har bir rangda — qizil, yashil, ko‘k ranglarda 1024 xil tusning aks etishini ta’minlaydi. Natijada, smartfon ekranida 1,07 mlrd tusni qamrab olgan keng rang diapazoni hosil bo‘ladi.

Exynos 9810 protsessorida tatbiq qilingan innovatsiyalar evaziga CES 2018 ko‘rgazmasida "Innovation Awards HONOREE" mukofoti bilan taqdirlandi va ayni paytda sayyoramizning eng ilg‘or chipi deya e’tirof etildi. Bu chip ilk marotaba yaqinda taqdim qilinadigan Galaxy S9 flagmanida o‘rnatiladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!