CES 2018: Sony "o‘tkir ko‘z" Xperia'larni taqdim qildi

CES 2018: Sony

Yaponiyalik Sony kompaniyasi AQSh da davom etayotgan CES 2018 xalqaro elektronika mahsulotlari ko‘rgazmasi doirasida yangi smartfonlarini taqdim qildi. Kutilganidek, ular orasida flagman yo‘q.

Kompaniya smartfon modellari qatorini 3 ta yangi mobil aloqa vositalari to‘ldirdi: Xperia XA2, Xperia XA2 Ultra hamda Xperia L2.

Smartfonlarning tashqi ko‘rinishi ishlab chiqaruvchiga xos umumiy "kayfiyat"dan farq qilmaydi — qarshingizda qadimiy va qadrdon «sonistayl» uslubidagi to‘g‘ri burchakli monoblokni ko‘rasiz. Shu bilan birga, ularda qisman dizaynerlik yechimlarini ham uchratish mumkin. Misol uchun, bosh kamera moduli orqa panelning yuqori qismidan, markazroqdan o‘rin egallagan. Uning yonidan fotochaqnoq va quyisidan barmoq izi skaneri o‘rin egallagan.

Mazkur debyutantlar orasida eng soddasi Sony Xperia L2 modeli bo‘lib, u texnik jihatlariga ko‘ra boshlang‘ich darajali smartfon hisoblanadi. 5,5 dyuymli Xperia L2 HD‑displey, 4 yadroli MT6737T protsessori, 3 Gb tezkor hamda 32 Gb doimiy xotiraga ega bo‘lgan. Smartfonning bosh kamerasi 13 megapiksel aniqligida surat oladi. Avtoportretlar uchun esa 8 megapikselli sensor mas’ul. Yangi modelda 3300 mA soat sig‘imli akkumulyator, USB Type-C universal porti, NFC moduli mavjud. Smartfon Android 7. Nougat operatsion tizimi boshqaruvida faoliyat ko‘rsatadi.

Sony Xperia XA2 smartfoni uchun ham an’anaviy 16:9 standartidagi displey ishlab chiqarilgan. U 5,2 dyuymli va FullHD sig‘imli ekran, Snapdragon 630 protsessori bilan ta’minlangan. Bu smartfonning bazaviy talqini 3 Gb tezkor hamda 32 Gb doimiy xotira bilan ta’minlangan.

Sony Xperia XA2 devaysining kamera texnologiyasi bir oz ilg‘or: old kamera uchun 120 daraja burchak ostida surat oluvchi 8 Mp aniqligidagi kamera, shu bilan birga, bosh kamera uchun 23 megapikselli, f/2.0 aperturali sensor mas’ul bo‘lgan. Bosh kamera gibrid avtofokus funksiyasiga ega va unda 4K video, sekinlashtirilgan rejimda sekundiga 120 kadrli videolar yozish mumkin.

Sony Xperia XA2 ham 3300 mA soat elektr toki sig‘imiga ega akkumulyatorga ega bo‘lgan. Qolaversa, undagi SmartAmp texnologiyasi tovush va ovoz sifatini oshirish uchun xizmat qiladi.


Sony Xperia XA2 Ultra bo‘lsa, 6 dyuymli, FullHD sig‘imli (1920x1080 pikselli) ekranga ega bo‘lgan. Gadjetda 4 GB tezkor va 64 Gb doimiy xotira o‘rnatilgan. Undagi old kamera 16 megapiksel hamda tasvirni optik barqarorlashtirish funksiyasiga ega bo‘lgan. Bosh kameraga 23 megapikselli datchik o‘rnatilgan hamda jihatlari yuqoridagi smartfon bilan bir xil.

Sony Xperia XA2 Ultra sig‘imi 3580 mA soat bo‘lgan, Quick Charge 3.0 texnologiyasi asosida tezkor quvvat oluvchi akkumulyator bilan ta’minlangan. Xperia XA2 hamda Xperia XA2 Ultra qadoqdayoq eng so‘nggi mobil tizim -- Android 8.0 Oreo'da faoliyat ko‘rsatadi.

Sony Xperia L2 shu oyning oxirida, Xperia XA2 va Xperia XA2 Ultra fevralda sotuvga chiqariladi. Ishlab chiqaruvchi narx-navoni ham o‘sha vaqtda e’lon qilish rejasida.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!