Changyutkich xarid qilishda nimalarga e’tibor berish kerak?

Changyutkich xarid qilishda nimalarga e’tibor berish kerak?

Changyutkich uyni ozoda saqlash vositasi bo‘lib, supurgidan ko‘ra ko‘plab afzalliklarga ega. Xonadoningizda bir qancha elektron qurilmalar bo‘lsa, supurgi ishlatmaslik kerak, chunki ko‘tarilgan chang mikrosxemalarga zarar yetkazadi. Changyutkich sotib olishda qaysi jihatlariga e’tibor qaratish zarur?

  1. Changyutkich turi

Eskicha rusumli changyutkichlar polga yotqizib qo‘yiladi. Motor bloki, chang kamerasi va filtrlarga ega bo‘lib, ichak va so‘rish quvurchasi ulanadi. Quvurcha uchiga pol, gilam va kiyimlarni tozalashga mo‘ljallangan turlicha og‘izchalar (nasadka) o‘rnatilishi mumkin. Elektr toki tarmog‘iga ulanadi, akkumulyatordan quvvat oluvchi turi juda kam uchraydi.

Tik changyutkich motor bloki, filtrli changto‘plagich, asosiy cho‘tkali og‘izchadan iborat. Yoki Dysonning tik changyutkichlari singari changto‘plagich yuqorida joylashadi. Bundan tashqari turli sirtlarni tozalashga mo‘ljallangan rusumlari mavjud. Akkumulyatorli tik changyutkichlar ham bor, biroq tok tarmog‘iga ulanadiganlari kuchliroq sanaladi.

Robot-changyutkich o‘zi harakatlanadi, balandligi 19 sm. Siz past bo‘yli deb o‘ylamang, robot divan va karavot osti va boshqa tor tirqishlarni tozalashi uchun 6-10 sm bo‘lishi talab etiladi. Elektron “miya” korpusdagi datchiklardan olgan ma’lumotni qayta ishlaydi, mustaqil siljish uchun kamera tasvirlariga asoslanadi. Albatta, korpusda changto‘plagich konteyner, havo filtri, chiqindini ichkariga haydashni ta’minlaydigan aylanuvchi har xil cho‘tkalar bor.

Portativ changyutkich ixcham korpusdagi motor va changto‘plagichdan iborat. Elektr tarmog‘idan va akkumulyatordan quvvatlanadigan turlari mavjud. Biror joyga to‘kilgan ushoq, mebel yoki mashinadagi changni tezgina tozalashda qo‘l keladi. Mashinadagi sigaret tutatgich teshigiga ulanadigan turi ham bor.

Yuvuvchi changyutkich. Korpusida motor va yuvuvchi modda bilan birga suv saqlanadi, kir suv uchun alohida bo‘lmasi bor. Tozalovchi suyuqlik quvurcha orqali kir sirtga (gilam, pol v.b.) sepiladi hamda shu zahoti maxsus og‘izcha va ichak vositasida so‘rib olinadi. Yuvuvchi changyutkichlarning ishi unumli, ammo o‘zi beso‘naqay va ishlatish murakkabdir.

  1. Changto‘plagich turi

Kiritiladigan ko‘p martalik konteyner. Uning o‘lchami changyutkich rusumiga bog‘liq. Vaqti-vaqti bilan tozalab turiladi. Bo‘shatish payti ko‘tarilgan changdan ehtiyot bo‘lish kerak, qolaversa, chiqindini bo‘shatish jarayoni tobora gigiyeniklashib bormoqda. Afzalligi bir martalik qog‘oz qopchalar singari doim xarajat talab qilmasligidir.

Chiqindi to‘planadigan qopcha. Zamonaviy changyutkichlarda bir martalik qog‘oz qopcha yoki ko‘p martalik qopsimon changto‘plagich mavjuddir. Qopchaga chiqindi to‘planganda so‘rish quvvatining pasayishi bunday changyutkichlarning asosiy muammosidir.

Changto‘plagich-akvafiltr. To‘plangan barcha suv aralash chiqindilar changyutkich ichida qoladi. Tozalangan va namlangan havo motor bloki orqali o‘tib, xona havosiga qaytadi. Konteynerni bo‘shatganingizda chang ko‘tarilmaydi, ifloslangan suvni to‘kasiz, xolos. Har gal tozalovdan so‘ng akvachangto‘plagichni yuvib, artib quritish kerak.

Bundan tashqari gibrid changyutkichlar ham ishlatiladi, unda akvafiltr yoki kiritiladigan konteyner chiqindi to‘playdi.

  1. Chiqindini saralovchi siklonli texnologiya

Asosan, kiritiladigan konteynerli changto‘plagichda quyunsimon texnologiya qo‘llanadi. Bunda markazdan qochma kuch yuzaga keltirilishi hisobiga chang-g‘ubor zarralari changto‘plagichga yig‘iladi, tozalangan havo motor oldi filtri, motor bloki va top-tozalovchi chiqish filtri orqali o‘tib xona iqlimiga qaytadi.

Siklonli kamerada havo 1-2 yoki o‘nlab marta (multitsiklon) chiqindidan tozalanadi. Siklon soni qancha ko‘paysa, havo shuncha tozalanadi va motor bloki orqali chiqish filtriga o‘tadi. Hattoki, motor oldi filtrisiz siklonli changyutkichlar ham bor. Dyson changyutkichlarining ayrim rusumlari bunga misol bo‘ladi, xususan, ularning chiqish filtrini almashtirishga ehtiyoj yo‘q.

Siklon texnologiyali changyutkichning qopchali changyutkichdan asosiy afzalligi tozalash chog‘ida so‘rish quvvati o‘zgarmay qolishidir. Chunki siklon texnologiyada to‘plangan chiqindi orqali havo so‘rilmaydi.

  1. Changyutkich iste’mol qiladigan tok

Odatda, changyutkichning tavsifnomasida motor iste’mol qiladigan eng yuqori energiyasi ko‘rsatiladi. Simli maishiy changyutkichlar taxminan 3500 Vt atrofida tok iste’mol qiladi (changyutkich rusumiga bog‘liq).

Iste’mol qiluvchi tok quvvati yuqori bo‘lsa, texnika zo‘r, degan xato o‘yga bormaslik kerak. Tozalash unumdorligi iste’mol qiladigan quvvatiga emas, so‘rish quvvatiga bog‘liq. Tok iste’moli past, ammo so‘rish quvvati yuqori bo‘lgan changyutkich uchrasa, o‘ylab o‘tirmasdan xarid qilmoq lozim.

  1. So‘rish quvvati

Ushbu ko‘rsatkichni o‘lchashning qabul qilingan yagona standarti yo‘q. Changyutkich tavsifnomasida so‘ra olishning eng yuqori ko‘rsatkichi keltiriladi. Biroq tozalashning avvalidagina changto‘plagich bo‘sh bo‘lsa, yuqori quvvatda so‘radi, so‘ng qopcha to‘lib quvvati pasayadi.

Bundan tashqari, so‘rish quvvati ichak va og‘izchaning holatiga, so‘rish vaqtiga bog‘liq.

So‘rish quvvati vattlar yoki aerovattlarda o‘lchanadi. Bu birlik ingliz o‘lchov tizimida deyarli teng kuchlidir. Changyutkich tanlashda so‘rish quvvati kuchli, ayni vaqtda tok iste’moli kam bo‘lgan rusum maqbul sanaladi.

So‘rish quvvati 300-400 Vt, tok tarmog‘iga ulanadigan, konteynerli yoki qopchali changyutkichlar bir xonadonni yaxshilab tozalay oladi. Shuningdek, 500-600 Vtli kuchliroq turlari ham bor.

Portativ changyutkich yoki robot-changyutkichlarning so‘rish quvvati 200 Vtdan oshmaydi (eng kuchlisi), biroq kundalik tozalash ishlari uchun bu quvvat ham yetarlidir.

  1. Havoni tozalash texnologiyasi

Bunday changyutkich xona havosini qayta ishlab tozalaydi. Zamonaviy rusumlarning aksariyatida ikkita filtr bo‘ladi: motor oldi va chiqish (motordan so‘ng).

Motor oldi filtri porolon yo havo o‘tkazuvchi boshqa materialdan tayyorlangan bo‘lib, changto‘plagichga o‘tirmagan kattaroq o‘lchamli changni tutib qoladi. Bu filtr motorni tez yedirilishdan asraydi.

Chiqish filtri havodagi yanada mayda chang-g‘uborni tutib qoladi. Ko‘pincha uni HEPA-filtr (High Efficiency Particutate Air), ya’ni o‘ta samarali filtr, deb ataladi

HEPA H10 filtr mayda dispersli zarralarning kamida 85 foizini tutib qoladi, HEPA H14 esa 99,97dan 99,995 foizgacha tozalaydi. Changyutkich qanchalik ilg‘or texnologiya asosida yaratilgan va HEPA-filtr tasniflovchi soni yuqori bo‘lsa, havoni shuncha yaxshi tozalab chiqaradi.

HEPA-filtrni vaqti-vaqti bilan changdan tozalab turish kerak, uning yuviladigan turlari ham mavjuddir. Foydalanish davrini o‘tagach, filtr almashtiriladi. Ammo qimmatbaho changyutkichlarning filtri oxirigacha xizmat qiladi.

Arzon changyutkichlarning motoridan keyin mikrofiltr o‘rnatilgan bo‘lib, u porolon, sellyuloza, taxtakachlangan mikrotola yoki boshqa materialdan tayyorlanadi. Mikrofiltrning havoni tozalash qobiliyati yomon emas, ammo so‘nggi avlod HEPA-filtriga yetmaydi.

  1. Shovqin darajasi

Changyutkichning shovqini qancha past bo‘lsa, shuncha yaxshi. Bu tomondan qopchali changyutkich afzalroq, chunki konteynerli (siklon texnologiyali) texnikadan ovozi past. Qopchali changyutkich 60-65 dB tovush chiqarsa, konteynerlisi 70-82 dBgacha shovqin soladi. Robot va tik changyutkich chiqaradigan tovush balandligi 60-82 dB oralig‘idadir.

Changyutkich tez-tez, ammo qisqa muddat foydalanadigan texnikalarimiz sirasiga kiradi. Faqat robot changyutkichlargina yarim soatgacha ishlashi mumkin. Shuning uchun changyutkich xarid qilishda shovqin darajasining katta ahamiyati yo‘q.

  1. Changyutkichdan foydalanish

Polga qo‘yiladigan an’anaviy changyutkichlarning quvvatini rostlash murvati, odatda, korpusida joylashadi. Qimmatroq changyutkichlarning murvatlari so‘rish quvurchasining o‘ng‘ay qismiga joylashtirilgan bo‘ladi.

Arzon changyutkichlarda motor quvvatini rostlash imkoni bo‘lmasa, so‘ruvchi quvurchadagi qopqoqchani surish yo‘li bilan havo oqimini o‘zgartirish mumkin.

Ko‘pincha, akkumulyatorli va simli tik changyutkichlarning boshqaruv tugmalari sopining tepasida joylashadi. Ayrim akkumulyatorli tik changyutkichlarning yoquvchi tepkisi bo‘ladi: bossangiz ishlaydi, qo‘yib yuborsangiz to‘xtaydi. Bu qulay va energiyani tejovchidir.

Robot-changyutkichni korpusidagi paneldan boshqarsa bo‘ladi, ammo DU pultni ishlatgan qulayroq. Zamonaviy changyutkichlarni esa smartfon va planshet ilovasi yordamida Wi-Fi va Bluetooth orqali boshqariladi.

  1. So‘rish quvurchasi va uni saqlash

Quvurcha xoh metall, xoh plastikdan tayyorlangan bo‘lsin, muhimi sifatli ishlasa yetarli. To‘g‘ri, plastik metalldan yengil va qulayroq.

An’anaviy changyutkichning quvurchasi teleskopik bo‘ladi (bir-birining ichiga kirib taxlanadi). Bu foydalanuvchi uchun ham qulaydir, chunki har kimning bo‘yi har xil.

So‘rish quvurchasini changyutkich korpusining yoni, orqasi va ostidagi ariqchaga joylab qo‘yishni esda tuting. Shuningdek, quvurchani joyiga qo‘yilishi bilan o‘zi o‘chadigan changyutkichlar ham bor.

Odatda, tik changyutkichlarning alohida so‘rish quvurchasi bo‘lmaydi. Ularni polyuvgich tayoq kabi devorga suyab yoki belgilangan joyga ilib qo‘yasiz.

  1. Bularni bilish muhim

Har qanday zamonaviy changyutkichda elektr simini avtomatik ravishda g‘altakka o‘rash texnologiyasi bo‘lishi kerak. Bu texnikani saqlashni osonlashtiradi, ish vaqtida simlar o‘ralashib ketmay, zarur uzunlikdagisi chiqib turadi.

An’anaviy ixcham changyutkichlar 3-4 kg tosh bosadi. 6 kggacha og‘irlikda bo‘lgani ma’qul. Akvafiltrli changyutkich vazni 8-9 kggacha boradi. Esda tuting: changyutkich korpusini emas, ichak bilan quvurchasini ko‘tarib yurib uy tozalaysiz, ammo changyutkich o‘zi ortingizdan “ergashib” yurishi lozim.

Tik changyutkichlar 3-4 kg bo‘ladi va ularni qo‘lda ko‘tarib yuriladi. Robotlashgan changyutkichni ko‘tarib yurishga hojat yo‘q – barchasini o‘zi bajaradi.

Changyutkichning faollik doirasi degan tushuncha ham mavjud. Bu elektr tarmog‘iga ulangan changyutkich simi, ichagi va so‘rish quvuri birgalikdagi uzunligi qancha masofani tozalashga yetishini anglatadi. Bu masofa 10-12 metrni tashkil etishi maqbuldir.

Bugungi kunda changyutkich qat-qat burmali pishiq ichaklar bilan ishlab chiqariladi. Oqilona foydalansa, ichagi uzoq xizmat qiladi. Shu bilan birga, plastik tolalardan to‘qilgan ichaklar ham bo‘lib, ancha pishiq sanaladi. Mato ichakli changyutkichni hozir savdodan topish mushkul.

Ayrim changyutkichlarning bug‘li tozalov funksiyasi mavjud bo‘lib, bug‘ generatori va maxsus og‘izchalar yordamida turlicha sirtlarni tozalash mumkin.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!