Chilida ulkan teleskoplar observatoriyasi ochiladi

Chilida ulkan teleskoplar observatoriyasi ochiladi

Chilining Atakama cho‘lida ko‘plab ulkan teleskoplarni o‘z ichiga oladigan observatoriya bunyod etilyapti. “ALMA” (Atacama Large Millimeter/submillimeter Array) deb nomlangan ushbu loyihani Yevropa janubiy observatoriyasi hamda Amerika Qo‘shma Shtatlari milliy radioastronomik observatoriyasi olimlari yaponiyalik va chililik mutaxassislar bilan hamkorlikda amalga oshirmoqda.

Loyiha uchun taxminan 1 yarim milliard dollar miqdorida investitsiya kiritish mo‘ljallanyapti. Bunyod etilayotgan teleskoplar tizimi vositasida Oy yuzasidagi kattaligi 10 santimetrlik narsani ham ko‘rish mumkin bo‘ladi. Bunda nafaqat teleskoplarning kattaligi va aniq ko‘rsatishi, balki ular yordamida olinadigan ma’lumotlarni umumlashtirish ham muhim hisoblanadi.

Astronomlarning so‘zlariga ko‘ra, kattaligini sayyoramiz bilan taqqoslasa bo‘ladigan juda ulkan virtual teleskopni yaratish imkoniyati yuzaga kelgan. Uning yordamida keng miqyosli astronomik va astrofizik kuzatuvlar olib boriladi.

Loyihaga muvofiq majmua har birining diametri 7 va 12 metrga teng 66ta radioteleskopdan iborat bo‘ladi. Ular yagona tizimga birlashtiriladi. Stansiyadagi barcha antennalar ishini har soniyada 17 kvadrillion operatsiyani bajarish quvvatiga ega bo‘lgan superkompyuter muvofiqlashtirib turadi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!