CodeCraft dasturlash kursida 7 yoshli bola o‘z loyihasini taqdim etdi

CodeCraft dasturlash kursida 7 yoshli bola o‘z loyihasini taqdim etdi

Jahon tajribasining ko‘rsatishicha, AKT sohasidagi mutaxassislarni bolalarning yoshlik davrlaridan boshlash kerak. Bolalarni dasturlash olamiga jalb etish maqsadida Toshkent shahridagi Inha universiteti 2015 yilda CodeCraft dasturlash kursini ishga tushirdi, deb yozadi Daryo.uz.

Dasturlash kursi Scratch tilida o‘tilib, bolalarga MIT App Inventor 2 platformasida Android mobil dasturi, hamda veb-dasturlash o‘rgatiladi. Mazkur kurslar 9 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan.

Yosh chegarasiga qaramay, yaqinda bo‘lib o‘tgan CodeCraft kurslariga 7 yoshli Sardor Sodiqov istisno tariqasida qabul qilindi, hamda Scratch tilida dasturlagan o‘z loyihasining taqdimotini o‘tkazdi. Toshkent shahridagi 60-o‘rta maktabning 1-sinf o‘quvchisi mazkur CodeCraft kurslari to‘g‘risida Toshkentda bo‘lib o‘tgan ICTExpo 2016 ko‘rgazmasida bilib olgan edi.

«Mazkur kurslarda yosh chegarasi belgilangan, ammo biz Sardorni qabul qilishga qaror qildik. Lekin biz uni va uning ota-onasini qiyinchiliklar to‘g‘risida, agarda Sardor eplab ketmasa, ikki yildan keyin kelib, o‘qishi mumkinligi to‘g‘risida ogohlantirdik. Ammo Sardor yosh bo‘lishiga qaramay, kurslarni muvaffaqiyatli yakunladi va o‘z loyihasini taqdim etdi. Loyihani tayyorlash jarayonida u matematika va fizika qonunlaridan foydalandi. O‘z loyihasining taqdimoti davomidagi o‘ziga ishonch hissi bilan bizni qoyil qoldirdi. U judayam qiziquvchan, ko‘p savol beradi va imkon qadar ko‘proq javob olishga harakat qiladi» — deydi CodeCraft kurslarining yo‘riqchisi Darxon Mamataliyev.

Hozirda Sardor Sodiqov Scratch Advanced kurslarida o‘qishini davom ettirmoqda.

«Kelajakda men transport sohasida kashfiyotlar yaratmoqchiman. Zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda avtomobil va transport vositalarini yaratmoqchiman», —  deydi Sardor Sodiqov.