Corning o‘ta darajada pishiq “Gorilla Glass 5”ni namoyish qildi

Corning o‘ta darajada pishiq “Gorilla Glass 5”ni namoyish qildi

Smartfon ekranining tirnalishi, kutilmagan qulashdan so‘ng uning shikastlanishi bilan bog‘liq muammolar o‘tmishda qolganga o‘xshaydi. Ko‘plab smartfon, noutbuk ishlab chiqaruvchilari, jumladan  iPhone qurilmalari uchun shisha himoya qatlamini tayyorlab beruvchi Corning kompaniyasi namoyish qilgan “Gorilla Glass 5” shishasi imkoniyatiga baho berib shunday xulosaga kelish mumkin.

Corning o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, smartfon foydalanuvchilarining 85 foizi hech bo‘lmasa bir marta, 50 foizidan ortig‘i 2-3 marotaba gadjetni qo‘lidan tushirib yuborgan ekan. Ularning 3 dan biri mobil telefonni beli yoki yelkasi balandligidagi masofadan tushirib yuboradi. Bu esa nozik ekran shishasiga jiddiy zarar yetkazadi.

Endi smartfon ekrani foydalanuvchining qo‘lidan  selfi balandligida, ya’ni 1.6 metr yuqorilikdan tushib ketgan taqdirda ham, 80 foiz holatda shikast ko‘rmaydi. Bu natija Corning tomonidan o‘tkazilgan sinov jarayonida qayd etilgan.

Corning

Gorilla Glass’ning Samsung Galaxy S7 va S7 edge, HTC 10 smartfonlari va HP Spectre noutbukida foydalanilgan so‘nggi, ya’ni 4-talqini 2014 yilda kashf qilingan edi.

Himoya shishasining yangi talqini 0.6 mm qalinlikda bo‘lib, shu yil yakunidan boshlab yangi smartfonlarda tatbiq etila boshlaydi. Demak, iPhone 7 yoki Samsung Glaxy Note 7 pishiq shisha qatlamiga ega bo‘lsa ajab emas.

Corning kompaniyasi vakilining ma’lum qilishicha, 2007 yildan boshlab jahon miqyosida yetkazib berilgan 4,5 milliard dona qurilma ularda ishlab chiqarilgan himoya shishasi bilan ta’minlangan.

Eslatib o‘tamiz, Amerikaning Corning Inc. kompaniyasiga 1851 yilda asos solingan bo‘lib, u ayni kunda shisha va chinni mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha jahonda yetakchi sanaladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!