Dasturchilarga yarashmagan ish: spambozlik bilan shug‘ullanmang!

Dasturchilarga yarashmagan ish: spambozlik bilan shug‘ullanmang!

Bundan 4-5 yillar avval "Yoshlar" telekanalida ishlab yurgan paytlarimda TATUdagi dasturchilarning yangiliklari, g‘oyalari, ishlanmalari haqida turkum lavhalar tayyorlaganman. O‘shanda talabalar va ularning rahbarlari yangi loyihalar iqtisodiy ko‘makka muxtoj ekani haqida kuyunib gapirishardi. Chunki aksariyat loyihalari "eplama" edi. Ya’ni bechora talabalar yeb-icharidan tejab yiqqan pullariga oddiy va arzon detallar sotib olib, loyihaning amaliy modellarini ko‘rsatishardi. O‘shanda ko‘p yaxshi innovatsion yangiliklarni ko‘rgandim...

Lekin bugun o‘sha dargohning bir-ikkita “tug‘dor” (bayroq ko‘tarib, “vatanparvarlik” da’vosini qiluvchi) tolibi ilmlarning Troll.uz va Umid G‘afurovga nisbatan uyushtirgan spambozlik kampaniyasi haqida eshitib, achindim. Men gaplashgan yaxshi dasturchi yigitlar bitirib ketgan ko‘rinadi...

O‘zi shundog‘am kampaniyavozlar yetarli bo‘lgan paytda mutaxassisliklari kamyob universitet yoshlari ana shunday g‘arib harakatlar bilan band ekan-da, a?! O‘zi yoshlar tashkilotlari a’zolariga tekkan “kasalliklar”ning simptomlari bir xil bo‘ladi shekilli: yoqmagan fikrga nisbatan toqatsizlik, spambozlik, yollanma profillar orqali ommaviy kommentbo‘ron qilish va hakazo...

Xo‘p, Umid G‘afurov va boshqalar universitetlarni tanqid qilayotgan ekan, nahotki, aslida bu kuyunish sen va sendan keyingi talabalarning foydasi uchun ekaniga muborak fahming yetmasa?!

Yuzga tekkan qorani ko‘rsatgani uchun ko‘zguni sindirib, muammodan halos bo‘linadimi shunda?! Ana shunaqa tushunish kerakmi?! G‘alati-da!

Umid qilamanki, universitet bu “tashabbus”ga nisbatan tegishli chora ko‘radi. Yo‘qsa, ularga nisbatan bo‘layotgan tanqidlarning soni ham, turi ham bolalashi aniq!

Tolibi ilmlar esa bemaza tashabbuslarga vaqt sarflamay Fortran, Tandem TAL, C/C++, C#, Obj-C, Java, Smalltalk, Python, Go degan men tushunmaydigan dasturlash ilmlarini yaxshilab o‘zlashtiradi. Unutmasinlarki, yangi innovatsion g‘oyalar, original ishlanmalar, kashfiyotlar orqaligina tanqid nuktadonlarining og‘izlarini yopish mumkin. Almisoqdan qolgan, ma’nan eskirgan (shu jumlani sevaman 😍) uslublar ish bermaydi, azizlarim!

Aralashmoqchi emasdimu, azbaroyi avvalgi hamkorliklar hurmati pikri ojizimni bildirgim keldi. Bu modern avlod vakillari slengida IMXO deyiladi! 😉

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!