Davlat soliq qo‘mitasi elektron xizmatlar portalini ishga tushirdi

Davlat soliq qo‘mitasi elektron xizmatlar portalini ishga tushirdi

O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi sinov tartibida soliq organlarining elektron davlat xizmatlari portalini ishga tushirdi. Bu haqda, qo‘mita matbuot xizmati ma’lumotiga tayanib, «Gazeta.uz» xabar bermoqda.

ALjkJT14610714112236_b

«Elektron soliq xizmatlari» portali aholiga va biznes vakillariga xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish, xizmatlarning ko‘rsatilishi bilan bog‘liq ma’muriy chiqimlarni kamaytirish, buning natijasi o‘laroq fuqarolarning ko‘rsatilayotgan soliq xizmatlaridan mamnunlik darajasini oshirish maqsadida ishlab chiqildi.

Portalda murojaat yo‘llash, qabulga yozilish, hisobga qo‘ydirish, hisobot jo‘natish, ma’lumotnoma va ko‘chirmalar olish, soliqlarni hisoblash va to‘lash singari 26 turdagi xizmatdan foydalanish mumkin. Sinov tartibida ishga tushirilgan 10 ga yaqin xizmat turi alohida guruhga ajratilgan. Ayrim xizmatlar uchun elektron imzoning bo‘lishi talab etiladi.

Soliq to‘lovchilarning turli kategoriyalari, shu jumladan, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun shaxsiy kabinetlar mavjud. Kabinetda byudjet va byudjetdan tashqari jamg‘armalar bilan hisob-kitoblarni hamda soliq organlari bilan yozishmalarni kuzatish mumkin.

Soliq to‘lovchilar har bir xizmatga baho berishi, unga izoh yozishi mumkin bo‘lib, bu soliq organlariga fuqarolarning fikrini o‘rganish hamda ularning takliflariga tezkor javob qaytarish imkoniyatini beradi.

Bir oy davomida soliq xizmatlari ham yangi portal, ham qo‘mitaning asosiy sayti orqali ko‘rsatiladi.

Manba: Daryo.uz