Davlat xizmatlari portali takomillashib, 2-versiyada ishga tushdi

Davlat xizmatlari portali takomillashib, 2-versiyada ishga tushdi

2013 yilning 1 iyulidan faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bugunga kelib 308 turdagi elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, unga 2440 ta davlat organlari va ularning tizim tashkilotlari ulangan, aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga 1,13 milliondan ortiq (o‘sish 2,3 barobar) elektron shaklda davlat xizmatlari ko‘rsatilgan, ularning 488 mingtasi (43 foizi) aholiga va 642 mingtasi (57 foizi) tadbirkorlarga to‘g‘ri keladi. Portaldan aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining davlat idoralariga yo‘llagan murojaatlari soni 2017 yilning 8 fevral holatida 1 milliondan oshgan edi.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga asosan, Yagona portal yangicha talqinda ishlab chiqilib, sinov tariqasida ishga tushirildi. Ma’lum bo‘lishicha, yangi tizim LG CNS Uzbekistan kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan.

Uning asosiy farqi – xizmatdan foydalanish jarayonining soddalashgani: ya’ni endi davlat xizmatidan foydalanish istagidagi fuqaro uzog‘i bilan 3 yoki 5 ta klik (tugmani bosish) orqali xizmatdan foydalanadi.

Foydalanuvchining shaxsiy kabineti ham tubdan o‘zgartirilgan. Endi fuqarolar o‘z shaxsiy kabinetlariga o‘zlariga kerakli xizmatlarni kiritib qo‘ya oladilar. Aytaylik, Soliq tizimining xizmatlaridan ko‘p foydalansangiz – kerakli tugmani bosasiz va u sizning shaxsiy kabinetingizga o‘tadi. Bu bilan foydalanuvchi o‘ziga qulay interfeys yaratadi hamda kerakli xizmatni qidirish uchun ketadigan vaqtini tejab qoladi.

Bu imkoniyatni yaratish uchun – axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalari Yagona portal-2 bilan o‘zaro yagona platformaga markazlashtirilgan.

Yagona portal-2 uchun zamonaviy foydalanuvchi interfeysi ishlab chiqilgan. Uning tizimi jismoniy va yuridik shaxslarning ma’lumotlar bazasi, kommunal xizmatlarni ko‘rsatuvchi sub’yektlar va to‘lov tizimlari bilan ulangan. Tizimda onlayn xizmatlar joriy qilingan. Yagona portalning yangi versiyasida yuridik va jismoniy shaxslarga onlayn to‘lovlarni ham amalga oshirishimkoni yaratilgan. Misol uchun, davlat xizmatlari va bojlari uchun to‘lovlarni onlayn amalga oshirish mumkin.

Yagona portalning yangi versiyasida ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni takomillashib, jarayon pasport tizimiga ulangan holda to‘liq avtomatlashtirilgan. Ro‘yxatdan o‘tish uchun pasport raqami va jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsion raqami – pasportning birinchi betidagi rasm tagidagi raqamlarni kiritgan holda tizimga kirish imkoniyati yaratilishi ma’lum qilingan.

Ayni paytda Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda videofiksatsiya tizimi orqali aniqlangan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun mavjud jarima haqidagi onlayn-ogohlantirishlar bepul xizmati yo‘lga qo‘yilgan.

 

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!