DeePoon M2 VR-shlemiga smartfon ham, kompyuter ham kerak emas

DeePoon M2 VR-shlemiga smartfon ham, kompyuter ham kerak emas

Aksariyat zamonaviy virtual voqelik shlemlari (Virtual Reality, VR) o‘z ishida smartfon yoki tashqi hisoblash texnikalari — deylik, o‘yin qurilmasi yoki kompyuterga ulanishni taqozo etadi. Biroq Sulon Q kabi shlemlar bunday “nuqson”dan holi. Navbatdagi DeePoon M2 nomini olgan yangi gadjet ham qo‘shimcha qurilmalarga ehtiyoj sezmaydi.

Yangi gadjet ishlanmasida ARM kompaniyasi mutaxassislari ishtirok etdi. DeePoon M2 tarkibidan Samsung Exynos 7420 protsessori asosida ishlaydigan mini-kompyuter o‘rin olgan. Mazkur protsessor sakkizda yadrodan iborat: ARM Cortex-A57 va ARM Cortex-A53 kvartetlari. Tasvirni qayta ishlash uchun ARM Mali-T760 MP8 integratsiyalangan kontrolleri o‘rnatilgan.

Shlem, shuningdek, 3 Gb LPDDR4-1600 tezkor xotira, 32 Gb hajmli flesh-modul, ikki diapazonli Wi-Fi simsiz aloqa adapteri va Bluetooth 4.0 kontrolleri bilan ham ta’minlangan.

Gadjet tarkibidan diagonali 5,7 dyuym sifatli OLED-displey o‘rin olgan bo‘lib, piksellar sig‘imi 2560 × 1440 ga teng. Tasvirni fokuslash imkoniyati ham mavjud. Qurilma 3000 mAsoat hajmli akkumulyatordan quvvat oladi.

Shlem ishlab chiqaruvchisi AQShda 620 dollardan dastlabki buyurtmalarni qabul qilishni boshladi.

Bundan avvalroq Sulon Technologies kompaniyasi AMD kompaniyasi bilan hamkorlikda to‘liq avtonomlashtirilgan Sulon Q shlemini ishlab chiqishga kirishgani ma’lum qilingan edi. Foydalanuvchi harakatini nazorat qiluvchi maxsus tizim vazifasini ichki datchiklar va old paneldagi ikkita kamera bajarib, ular real vaqt rejimida tevarak atrofning 3D-xaritasini tuzadi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!