Dinamik orol yoxud mini kapsulali Realme smartfoni rasman taqdim qilindi!

Dinamik orol yoxud mini kapsulali Realme smartfoni rasman taqdim qilindi!

Apple o'zining iPhone 14 Pro smartfonlarini dinamik orol bilan taqdim qilganida, u barcha smartfon ishqibozlarida, ayniqsa, Android egalarida qiziqish uyg'otdi desak mubolag'a bo'lmaydi. Shundan so'ng Android smartfonlari dinamik orol tirqishini o'zlashtirdi (Xiaomi Civi 2/Xiaomi 13 Lite). Qolaversa, Android smartfonlari uchun dinamik orol funksiyasini beruvchi qo'shimcha ilovalar ham chiqarildi. Ammo, ular orasida tabiiy dinamik orol xususiyatiga ega Android smartfoni yo'q edi va Realme bu bo'shliqni to'ldirdi. 

Realme kompaniyasi o'zining Apple iPhone 14 Pro smartfonlaridagi dinamik oroldan ilhomlangan smartfoni, Realme C55 modelini taqdim qildi. Garchi smartfon tirqishi uzunchoq oval shaklida bo'lmasa ham, yumaloq selfi kamera teshigining ikki yon tomonlari ma'lumotlarni ko'rsatish uchun shunday shaklda kengayadi. Xitoylik kompaniya buni "mini kapsula" deb ataydi.

GIF: The Verge

Ma'lum bo'lishicha, Realme'ning mini kapsulasi batareya oz qolganligi, batareya quvvat olayotganligini, internet trafik sarflanishini, qadamlar soni va boshqalarni ko'rsatib turadi. Biroq, MB sarflanishi va qadamlarni sanash hozircha mavjud emas, ular keyinchalik yangilanish bilan qo'shiladi.

Realme C55 smartfoni o'rta sinf a'zosi bo'lib, u Helio G88 chipsetida Android 13 ga asoslangan Realme UI 4.0 versiyasida ishlaydi. Siz uni 6/128 GB yoki 8/256 GB xotira variantlarida topishingiz mumkin. Agar doimiy xotira kamlik qilsa uni 1 TB gacha microSD karta bilan kengaytirib olsangiz bo'ladi. Qurilma 5000 mA/soat batareyaga ega va uni 33 Vt tezlikda zaryadlashingiz mumkin. Ta'kidlash joizki, bu quvvatlanish tezligi Realme'ning C seriyasidagi smartfonlari uchun yangilik bo'lib, bu 18 Vt dan yaxshi o'sish desa bo'ladi.

Realme C55 tashqi tomonda o'rta sinf smartfonlariga mos ekranga bilan ta'minlangan: 6.72 dyuymli FHD+ ekran 90 gerts yangilanishni qo'llab-quvvatlaydi va 680 nit maksimal yorug'likka chiqa oladi. Qolaversa, barmoq izi skaneri ekran ostida emas, u qurilma yon tomonidagi smartfonni yoqish tugmasiga integratsiyalashtirilgan.

Smartfonning mini kapsula bilan ishlaydigan selfi kamerasi 8 MP. Orqa tomonda esa ikkita: 64 MP asosiy va unga qo'shimcha portret kamera sensorlarini ko'rishingiz mumkin.

Qo'shimchasiga smartfon 3.5 mm naushnik uyasi va NFC xususiyatlariga ega.

Realme C55 smartfoni Rainy Night va Sunshower ranglarida Indoneziyada sotuvga chiqarilgan. Bunda smartfonning 6/128 GB xotira variantdagisi 2,499,000 IR (160 dollar atrofida), 8/256 GB variantdagisi esa 2,999,000 IR (195 dollar atrofida) taklif qilinmoqda. Smartfon tez orada Yevropada ham taqdim qilinishi kutilmoqda.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!