Dronlarni to‘xtatib qolgan bojxonachilar hayratga tushishdi

Dronlarni to‘xtatib qolgan bojxonachilar hayratga tushishdi

2018 yilning mart oyi oxirlarida Xitoy hukumati topshirig‘iga ko‘ra, Xitoyga Apple smartfonlarini olib o‘tish bilan shug‘ullanadigan jinoyatchilar guruhi qo‘lga olindi. Ular ayfon qurilmalarini mamlakatga Gonkong hududidan dronlar yordamida olib o‘tish bilan shug‘ullanishgan. Kontrabandachilar shu yo‘l orqali 80 million dollarlik iPhone flagmanlarini Xitoyga o‘tkazishgan. Bu to‘g‘rida Reuters xabar tarqatmoqda.

Gap shundaki, Gonkong bilan solishtirib ko‘rganda Xitoy mintaqasida iPhone smartfoni qimmat. Gonkongda esa devayslar ancha arzon. Shu sababdan ham ishbilarmon xitoyliklar katta foydani ko‘zlab dronlardan unumli foydalanish usulini o‘ylab topganlar.

Tegishli politsiya mahkamasining ma’lum qilishicha, bir vaqtning o‘zida, ya’ni bir urinishda kiyim va buyumlar orasiga yashirib Xitoyga ayfon olib kirish bo‘yicha rekord miqdori 150 000 AQSh dollarini tashkil qilar edi. Biroq dronlarni ishga solgan "tadbirkorlar" bu rekordni yangiladi. Ular bir partiyaning o‘zidayoq 79,8 million dollarlik smartfonni chegaradan o‘tkazishga urinib ko‘rishgan.

Kontrobandachilar guruhi bu dronlar yordamida iPhone'larni donalab olib o‘tishni o‘zlariga ep ko‘rishmagan. Shu bois, 200 metrli qalin arqonlar yordamida jinoyatchilar ayfon to‘ldirilgan qoplarni dronlarga mahkamlashgan. Natijada, ular bir kechada 15 ming dona ayfonni olib o‘tishga muvaffaq bo‘lishgan. Biroq, ularning harakati Xitoy bojxonachilari tomonidan to‘xtatib qolingan. Jami 26 nafar jinoyatchi qo‘lga olingan.

Bugun jahon miqyosida dron ishlab chiqarish sanoati jadal rivojlanayotgan bo‘lsa ham, hukumatlar bu texnologiya faoliyatini qonuniy jihatdan yo‘lga qo‘yishga shoshayotganlari yo‘q. Boisi, ular dronlar chegara hududlarida jinoyatlarni avj olishi, qurol-yarog‘ yoki giyohvand moddalar savdosining rivojlanishiga olib kelishidan cho‘chimoqdalar.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!